Jahon | 13:10 / 12.06.2024
8615
10 daqiqa o‘qiladi

Falastinni tan olishga tayyor AQSh, Baydenning jinoyatda ayblanayotgan o‘g‘li va Rossiyada noqonuniy migrantlarga nisbatan yangi taqiqlar - kun dayjesti

Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Vashington G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvda HAMASga «maksimal bosim» o‘tkazishga urinmoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq mintaqasi bo‘ylab turnega chiqqan va atrofdagi davlatlarni HAMASni o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni qabul qilishga undashga chaqirmoqda.

Seshanba kuni Falastinning HAMAS harakati BMT Xavfsizlik Kengashining o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ma’qullab qabul qilganini e’lon qilib, detallar muhokamaga tayyor ekanligini aytdi. AQSh Davlat kotibi bu qadamni «umid baxsh etuvchi» deb atagan va Isroil muxolifati vakillari Benni Gans va Yair Lapid bilan uchrashuvda harakatga «maksimal bosim» o‘tkazishda davom etishini va’da qildi.

BMT rezolyutsiyasining qabul qilinishi tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha pozitsiyalar kelishilganini kafolatlay olmaydi. Qatarlik va misrlik vositachilar bu masalada hozircha biror oldinga siljish kuzatilmayotganini, chunki HAMAS va Isroildan BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan o‘t ochishni to‘xtatish taklifi borasida javob olinmaganini xabar qilishgan. Ammo kecha HAMAS harakati Baydenning o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bo‘yicha o‘z javobini Qatarga yetkazganini e’lon qilgan. HAMAS harakati AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan taklif etilgan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejasiga kiritilgan, garovda ushlab turilganlarni ozod qilish taklifini rad etgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Falastin tinch aholisi uchun 400 mln dollarlik insonparvarlik yordam ajratilishini ham e’lon qildi.

Shuningdek, Entoni Blinken AQSh mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan. Faqat bu davlat Isroil xavfsizligini kafolatlashi kerak bo‘ladi.

Davlatlar tinchlik o‘rnatish yo‘lini axtarayotganiga qaramasdan, G‘azoda insonlar qurbon bo‘lishda davom etmoqda. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azodagi bo‘linmasi xabariga ko‘ra qurbon bo‘lganlar soni 37 ming 164 kishiga yetgan. Yaralanganlar soni 84 ming 832 kishini tashkil etmoqda.

So‘nggi bir sutka ichida Isroil qo‘shinlari uchta ommaviy qirg‘in uyushtirishgan va 40 kishining o‘limi va 120 kishining yaralanishiga sabab bo‘lishgan.

Ukrainada tinchlik sammiti

Iyun oyi o‘rtalarida Shveytsariyada tashkillashtiriladigan Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitida 80 davlat va 10 tashkilot vakillari ishtirok etadi. Uchrashuvga Rossiya taklif qilinmagan.

Tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Lyutsern shahri yaqinidagi Byurgenshtok tog‘li kurortida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv ishtirokchilari orasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris, Germaniya kansleri Olaf Shols va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bor.

«Sammitda ishtirok etadigan barcha davlatlar Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlikka erishish bo‘yicha o‘z g‘oyalari va qarashlarini bildirishlari kerak», — degan Shveytsariya Tashqi ishlar vaziri Ignasio Kassis. Mamlakat prezidenti Viola Amherd bu uchrashuvni barqaror tinchlik sari birinchi qadam sifatida baholadi.

Rossiya yig‘ilishga taklif qilinmadi, ammo Shveytsariya hukumati ta’kidlaganidek, konferensiyaning maqsadi «birgalikda yo‘l xaritasini ishlab chiqish» bo‘lib, u Rossiya va Ukrainani tinchlik jarayoniga yanada jalb qilish imkonini beradi.

Rossiyaning sammitga kelmasligi Xitoy kabi Moskvaning nufuzli ittifoqchilari konferensiyadan voz kechishiga turtki bo‘ldi. Bu muzokaralarda katta yutuqlarga erishish umidlarini pasaytiradi.

Baydenning o‘g‘li jinoyatchi

AQSh prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Bayden sud tomonidan qurolni noqonuniy saqlaganlikda aybdor deb topildi. Bu AQSh tarixida ilk marta amaldagi prezidentning yaqin qarindoshi federal sudda jinoiy javobgarlikka tortilishi bo‘ldi.

Qayd qilinishicha, 2018 yilda Hanter Bayden qurol sotib olayotganda giyohvand moddalarni iste’mol qilmasligi haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Shuningdek, giyohvand moddalarni iste’mol qilgan davrida o‘qotar qurolga egalik qilgan. AQSh qonunchiligida har ikkala holat ham jinoyat hisoblanadi.

Endi Hanter Bayden 25 yilgacha qamoq jazosi va 750 ming dollargacha jarimaga tortilishi mumkin, ammo CNN maksimal jazoni dargumon deb hisoblamoqda.

Baydenning o‘g‘liga nisbatan sud hukmi keyinroq e’lon qilinadi, uning sanasi aniq emas.

Noqonuniy hojilar

Saudiya Arabistonida noqonuniy Haj qilgani uchun 300 mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Ularning ko‘pchiligi ziyorat vizasi o‘rniga turistik viza bilan Hajni bajarishga harakat qilgan.

Sharqpress xabariga ko‘ra, oxirgi kunlarda qo‘lga olinganlar orasida ziyorat vizasi o‘rniga turistik vizada Haj ziyoratiga borishga uringan 157 mingga yaqin xorijlik bor.

Haj xavfsizligi qo‘mitasi rahbari Muhammad ibn Abdulloh al Basamiy Haj qoidalari va ko‘rsatmalariga rioya qilmagan ziyoratchilarning 140 ta guruhi va 64 ta transport tashkiloti aniqlanganini ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, 8 iyundan buyon mamlakatga ro‘yxatdan o‘tgan 1,3 milliondan ortiq ziyoratchi Hajda qatnashish uchun kelgan.

Saudiya Arabistonida har yili Haj ziyoratini noqonuniy ado etishga uringan shaxslarni qo‘lga oladi. O‘tgan yili 17 mingdan ortiq odam ruxsatsiz Hajga borishga uringani uchun hibsga olingan edi.

Ziyorat qilish uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan shaxslar 2 oydan 6 oygacha qamoq jazosiga va 50 ming Saudiya riyoligacha (13,3 ming dollardan ortiq) jarimaga tortilishi mumkin. Shuningdek, qonunbuzar xorijliklar deportatsiya qilinadi va mamlakatga kirishi 10 yilga taqiqlanadi.

Saudiya qonunchiligiga ko‘ra, turistik viza bilan ziyorat qilish mumkin emas. Ziyorat uchun ikki xil viza — Haj vizasi va Umra vizasi beriladi. Bu vizalardan birining o‘rniga boshqasidan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanadi. Shuningdek, ushbu vizalar bilan mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin emas: Jidda, Makka va Madinadan boshqa shaharlarga kirish cheklanadi.

Rossiyada migrantlarga navbatdagi taqiq

Rossiyada bo‘lib turgan nolegal migrantlarga nikoh tuzishga taqiq joriy qilinadi.

Rossiya davlat dumasining profil qo‘mitasi migratsiya sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Unga ko‘ra, noqonuniy migrantlarga Rossiyada haydovchilik guvohnomasini olish va nikoh munosabatlariga kirishish taqiqlanadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, chiqarib yuborish rejimi ham joriy etiladi. U Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turgan xorijliklarga nisbatan amal qiladi. Bu rejimning joriy etilishi Rossiya hududida noqonuniy bo‘lib turganlar uchun ayrim huquqlarni cheklashni nazarda tutadi.

Shuningdek, nolegal xorijiy fuqarolarning yashash joyini o‘zgartirish, transport vositasini boshqarish, nikoh munosabatlariga kirish, banklarda hisob-raqam ochish, mulk va ko‘chmas mulkni xarid qilish va sotish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish va yuridik shaxs ochish huquqlari cheklanadi. O‘zlarining Rossiya banklaridagi hisobraqamlaridan ular oyiga 30 ming rubldan ko‘proq mablag‘ ishlata olishmaydi. Boshqa mamlakatlarga chipta xarid qila olishmaydi. O‘z mablag‘larini boshqa banklarga o‘tkaza olishmaydi.

Xorijlik fuqaro Rossiyadan chiqib ketganda, o‘z huquqiy statustini tartibga solganda yoki mazkur rejimni qo‘llash uchun qaror bekor bo‘lganida unga nisbatan joriy qilingan rejim to‘xtatiladi.

Bularning barchasi 144 kishini hayotdan olib ketgan «Krokus Siti Holl»dagi teraktdan so‘ng migratsion qonunchilikni qat’iylashtirish bo‘yicha harakatlar doirasida amalga oshirilmoqda.

Rossiyalik fermerlar kasod yoqasida

Kutilayotgan hosilining 30 foizidan mahrum bo‘lgach, rossiyalik fermerlar ommaviy kasod bo‘lish yoqasida qolishdi.

Rossiyaning yirik agrar hududlarida o‘n million tonnalab hosilni nobud qilgan bahorgi izg‘irinlar joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida o‘rta va kichik fermer xo‘jaliklari ommaviy kasodga uchrashiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiya g‘alla ittifoqi raisi Arkadiy Zlochevskiy aytib o‘tgan.

Uning baholashlariga ko‘ra maydagi izg‘irinlar 30 foiz maydondagi hosillarni nobud qilgan.

«Donli ekinlar hosili bo‘yicha kutilmalar 145 mln tonnadan 125–130 mln tonnagacha pasaydi. Bug‘doy hosili kutilayotgan 95 mln tonnadan 80–82 mln tonnagacha pasaydi», — degan Zlochevskiy.

Hosilning yo‘qotilishi iste’molchilar uchun bilinmasa-da, eksport qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan fermerlarga zarba beradi. Bu esa kichik va beqaror xo‘jaliklarning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Boz ustiga donli ekinlarning jahon narxlari ham havas qilarli emas, — degag Zlochevskiy. 

Mavzuga oid