O‘zbekiston | 22:51 / 30.09.2020
34461
6 daqiqa o‘qiladi

Sinf rahbarlari uchun qo‘shimcha to‘lov 1,5 baravar oshiriladi. Prezident bu maqsadda 400 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishini ma'lum qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchilar kuniga bag‘ishlangan tadbirda sinf rahbari uchun qo‘shimcha to‘lov 2020 yil 1 oktyabrdan 1,5 baravarga oshirilishini ma'lum qildi.

Prezident tadbirdagi nutqida «Ustoz ota kabi ulug‘» degan hikmatli naqlni qog‘ozda emas, amalda qaror toptiradigan, o‘qituvchi-muallimning qadr-qimmatini joyiga qo‘yadigan payt kelgani haqida gapirdi.

«Yashirib nima qildik, ko‘p yillar davomida o‘qituvchiga e'tibor borasida so‘zimiz boshqa, ishimiz boshqa bo‘lib keldi. Oqibatda soha xodimlari go‘yoki keraksiz va himoyasiz qatlamga aylanib qoldi. Maktab o‘qituvchilarining asosiy vazifasi bir chetda qolib, ularni o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etish chuqur ildiz oldi. Yanayam ochiqroq aytsak, muallimlarning “xo‘jayini” ko‘payib ketdi. Bunday nojo‘ya ishlar nafaqat ta'lim sifatiga, balki soha xodimlarining o‘z kasbiga bo‘lgan munosabatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Qanchadan-qancha tajribali o‘qituvchilar dili og‘rib, sevgan kasbini noiloj tashlab ketganini ham bilamiz.

«Yaqin-yaqingacha o‘qituvchi-muallimlar, ayrim joylarda o‘quvchilar ham, to‘rt oylab paxta yig‘im-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgani sir emas. Natijada o‘qituvchi bir oyda o‘rtacha 80 soat dars o‘tishi kerak bo‘lsa, to‘rt oyda 320 soat yo‘qotadigan vaziyat vujudga keldi. O‘z navbatida, o‘quvchi bir oyda 136 soat saboq oladigan bo‘lsa, to‘rt oyda 544 soat darsni boy berishga majbur bo‘ldi.

Agar bu raqamlarni o‘n bir yilga ko‘paytirsak, bilasizmi, qancha bo‘ladi? Bu, axir, yuqori sinf o‘quvchilari uchun belgilangan 8,5 ming soatlik o‘quv dasturining qariyb 3 ming soati – 30 foizi dalada majburiy mehnatda o‘tdi, degani emasmi? Boshqacha aytganda, bola 11 yil o‘rniga atigi 7 yil o‘qishga majbur bo‘ldi.

Yaratganga shukrki, bunday salbiy holatlar endi tarixda qoldi. Hamma sohani o‘z egasiga, jumladan, qishloq xo‘jaligini ham fermer va klasterlarga topshirayotganimiz tufayli bunga erishmoqdamiz», dedi davlat rahbari.

Prezident so‘nggi to‘rt yilda maktab o‘qituvchilarining oylik maoshi bir yarim barobar ko‘paytirilgani, davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib borayotgani, o‘qituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qog‘ozbozliklar soni keskin kamaytirilganini qayd etib o‘tgan.

«O‘zingiz o‘ylang, to‘rt yil oldin bunday o‘zgarishlarni tasavvur qilib bo‘larmidi? Jamiyatda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan e'tibor tufayli qariyb 15 ming nafar erkak o‘qituvchi maktablarga qaytdi. Ammo, shuni ta'kidlash kerakki, hali bu borada ko‘zlangan natijaga erishganimiz yo‘q. Hozirgi kunda ham xalq ta'limidagi pedagoglarning qariyb 70 foizini ayol o‘qituvchilar tashkil etmoqda.

Albatta, hammamiz maktab davrini eslaganimizda, ko‘z oldimizga avvalo, talabchan va mehribon sinf rahbarimiz keladi. Nima uchun? Chunki, maktabdagi har bir qadamimiz mana shu aziz va olijanob insonlarning doimiy e'tibori va g‘amxo‘rligida bo‘lgan. Hayotga ilk yo‘llanmani ham bizga mana shu ustozlarimiz bergan.

Shu sababli biz sinf rahbarlarining mashaqqatli va mas'uliyatli mehnatini munosib rag‘batlantirish chorasini ko‘ryapmiz. Xususan, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab 242 ming nafar sinf rahbari uchun qo‘shimcha to‘lov miqdori bir yarim barobar oshiriladi. Mazkur maqsadlar uchun yillik 400 milliard so‘mdan ziyod qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

O‘rni kelganda aytmoqchimanki, men bugun imzolagan farmon bilan birinchi marta 14 nafar sinf rahbari davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlandi», degan prezident.

Davlat rahbari sinf rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish taklifini berdi.

«O‘qituvchilarning doimiy va uzluksiz psixologik ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi hududiy malaka oshirish institutlarida sinf rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning qaddi, sha'ni va g‘ururi tiklanayotgani barchamizni quvontiradi.

Ayni vaqtda bu o‘ta muhim masala eng dolzarb vazifamiz ekanini alohida ta'kidlab, uni amalga oshirish butun jamiyatimizning burchiga aylanishini istardim.

Farzandlarimiz maktabdan qanchalik bilimli bo‘lib chiqsa, yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlari shuncha tez rivojlanadi, ko‘plab ijtimoiy muammolarni yechish imkoni tug‘iladi. Shunday ekan, Yangi O‘zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi desam, o‘ylaymanki, butun xalqimiz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi», degan Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid