O‘zbekiston | 19:29 / 26.04.2022
10626
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident mamlakat bo‘ylab sayohatlar uchun turistik keshbek dasturi joriy etilishini ma’lum qildi

1 sentabrdan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat maqsadida xarid qilingan chiptalar, mehmonxona, muzey va boshqa madaniyat obektlariga tashriflar uchun xarajatlarning bir qismi qaytariladi.

Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalliy turizmni rivojlantirish choralari yuzasidan topshiriqlar berildi.

Xususan:

  • avia, temiryo‘l va avtobus chiptalari narxining 15 foizini (aviatransportga 200 ming so‘mgacha, temir yo‘l va avtobusga 100 ming so‘mgacha);
  • mehmonxona xarajatining 20 foizini (bir kecha uchun – 80 ming so‘mgacha);
  • muzey va boshqa madaniyat obektlariga chipta narxining 50 foizini (bitta obekt uchun – 20 ming so‘mgacha) qaytarish tizimi joriy etiladi.

Bayram kunlari va festivallarda aholining faol sayohat qilishiga qulay sharoit yaratish uchun qo‘shimcha avia, temir yo‘l va avtobus qatnovini tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda chiptalarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi.

Bundan tashqari, 2022 yildan boshlab barcha davlat tashkilotlari xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish xarajatlarining 20 foizini budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan qoplash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Mavzuga oid