O‘zbekiston | 00:35 / 20.08.2015
4127
2 daqiqa o‘qiladi

“Shayx Zayniddin” jome masjidida Muborak haj safariga boruvchi ziyoratchilarning Toshkent shahar guruhlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

Shu yilning 18-19 avgust kunlari “Shayx Zayniddin” jome masjidida Muborak haj safariga boruvchi ziyoratchilarning Toshkent shahar guruhlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi. Har bir guruhlar uchun alohida o‘tkazilgan suhbatda O‘zbekiston musulmonlari idorasi hodimlari, Toshkent shahar bosh imom xatibi A.Tursunov hamda guruh rahbarlari ishtirok etishdi.
Suhbat chog‘ida fuqarolarni avvalo, oldilarida turgan mas'uliyatli ibodat, dinimizning beshinchi arkoni haj ibodatini bajarishga otlanganliklari bilan qutlab, yurtimizda musulmonlarning haj va umra amallarini emin-erkin ado etishlari uchun davlatimiz tomonidan munosib shart-sharoitlar, qulayliklar yaratib berilayotganligi qayd etildi.


Shu bilan birga, uchrashuv davomida safar chog‘idagi tashkiliy masalalar hamda xavfsizlik choralariga to‘xtalib o‘tildi. Ma'lumki, keyingi paytda Saudiya Arabistoni qirolligida ikkala harami sharifda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilindi.

Dunyo hojilari sonida qisqartirishlar amalga oshirildi, norasmiy yo‘l bilan hajga borishning oldini olish bo‘yicha bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilganligi ma'lum qilinib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2014 yil 23 avgustdagi 967 sonli qarori uchrashuv qatnashchilariga o‘qib, misollar bilan tushuntirib berildi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida “Haj badal” qilishlik qat'iyan to‘xtatilganligi ma'lum qilindi va bu borada zaruriy tavsiyalar berildi.

Qayd etish kerakki, 2015 yilda Inshaaloh yurtimizdan 5200 nafar ziyoratchi haj ibodatini ado etadi. Shundan 835 nafari Toshkent shahri ziyoratchilaridir.