Obama Eron bilan tuzilgan shartnomaga qarshi chiqqan kongressmenlarni “urush olovini yoquvchilar” deb atadi
AQSh prezidenti Barak Obama Eron bilan tuzilgan shartnomaga qarshi ovoz berishga chaqirgan kongressmenlarni “urush olovini yoquvchilar”, deb atadi. Bu haqda The Washington Times xabar berdi.
“Men kimlarningdir urush olovini yoqishni, ya'ni urush bo‘lishini istayotganini taxmin qilayapman”, – dedi Obama teleefir chog‘ida.
U Eron yadro dasturi haqida tuzilgan shartnoma Tehronning shaxsiy yadro qurolini yaratish borasidagi ishlarni to‘xtatishda eng yaxshi diplomatik yechim bo‘lganini aytib o‘tdi.
Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning ma'lum qilishicha, agarda AQSh Kongressida Eron yadro dasturi bo‘yicha shartnomani bekor qilish uchun zarur ovoz to‘plansa, bu holat qurolli mojaroga olib borishi mumkin.
Ayni paytda AQSh Kongressida Eron yadro dasturi bo‘yicha shartnoma ko‘rib chiqilmoqda. Bundan avvalroq esa Obama kongressmenlarning Eron bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish borasidagi har qanday tashabbusiga veto qo‘yishga tayyor ekanini ma'lum qilgan edi.