Messi “Las-Palmas” bilan uchrashuvning 10-daqiqasida jarohat olgani tufayli almashtirildi
“Barselona” hujumchisi Lionel Messi Ispaniya Primerasi 6-turidan o‘rin olgan “Las-Palmas”ga qarshi uchrashuvning 10-daqiqasida jarohat olgani tufayli almashtirildi. Bu futbolchining faoliyatidagi eng erta almashtirilishi bo‘ldi. Umumiy hisobda argentinalik futbolchi 521 marta dastlabki tarkibda maydonga tushgan.
Messining o‘rniga Munir Al-Haddodiy tushirildi.
Messi uchrashuvning 5-daqiqasida jarohat oldi: futbolchi zarba berayotgan paytda raqibiga urilib ketib, yiqilib tushib, tizzasini ushlab qoldi. Lionel o‘ziga kelib olguncha maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Maydonga qaytgach, bir daqiqa o‘tib o‘yinni davom ettira olmasligini anglagach, almashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvda “Barsa” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Gollarni “Barsa” tarkibida Luis Suares 25- va 54-daqiqada, “Las-Palmas” tarkibida 88-daqiqada Xonatan Viyera kiritdi. Neymar 66-daqiqada Antolin Alkarasning qo‘l bilan to‘pga o‘ynagani uchun belgilangan 11 metrlik jarima to‘pini amalga oshira olmadi.