Jahon | 09:20 / 27.10.2015
2443
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Britaniya hukumati “dizel” firibgarligidan 2009 yildayoq xabardor bo‘lgan

Britaniya hukumati dizelli dvigatellar bilan ta'minlangan avtomobillarning atmosferaga ishlangan gazlarni chiqarishi borasidagi firibgarliklar to‘g‘risida 2009 yildayoq boxabar bo‘lgan, deya yozmoqda Times nashri xususiy izlanishlari xulosasiga asoslanib.

“Hukumat 2009 yilda dizelli dvigatellar bilan ta'minlangan mashinalar zararli moddalarni me'yoridan ortiqcha chiqarayotgani to‘g‘risida ogohlantirilgan”, - deya yozmoqda nashr. Bu paytda Britaniya hukumati mamlakat aholisining avtomobillar sotib olishiga qulaylik yaratish maqsadida 1,7 mlrd funt sterlinglik soliq imtiyozlarini taqdim etgan.

“Olti yil muqaddam atrof-muhit muhofazasi va qishloq xo‘jaligi vazirliklari buyurtmasi asosida olib borilgan tadqiqotda dizelli avtomobillar kutilgandan ko‘ra ko‘proq zararli gazlar ajratib chiqarishi aniqlangan edi”, - yozadi nashr.
Eslatib o‘tamiz, Volkswagen avtokonserni 2015 yilning sentabr oyida AQShda o‘z avtomobillariga zararli ishlanma gazlar chiqarilishini aslidan kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturiy ta'minot o‘rnatganlikda ayblangan edi.

Shu munosabat bilan Amerika hukumati konserndan mamlakatda 2009-2015 yillarda sotilgan 482 ming Volkswagen va Audi modelidagi yengil avtomobillarni qaytarib olish shartini qo‘ydi. Shuningdek, kompaniyani 18,075 milliard dollarlik jarima to‘lash xavfi kutmoqda. Kontsern ma'lumotlariga ko‘ra, ekologik tekshiruvlar natijasini soxtalashtirib, atmosferaga kamroq zaharli gaz ajralib chiqayotganini ko‘rsatadigan avtomobillar soni dunyo bo‘yicha 11 million donaga yetadi.

Mazkur ro‘yxatga EA 189 EU5 turiga mansub motor joylashtirilgan barcha mashinalar kiradi. Mutaxassislar Yevropadagi boshqa avtoishlab chiqaruvchilar mahsulotlarida ham xuddi shunday dastur o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini inkor etishmayapti. Ushbu mojarolar sababli Volkswagen kompaniyasi bosh direktori Martin Vinterkorn iste'foga chiqarildi, janjal esa "dizelgeyt" nomini oldi.