11:13 / 10.11.2015
3661

“O‘zbekenergo”: IX Xalqaro sanoat yarmarkasida 523,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi

2015 yilning 26 oktabridan 5 noyabrigacha «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma markazida o‘tkazilgan IX Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsion birjasi doirasida korxona vakillari va hamkorlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida 2016 yilda O‘zbekiston energetika tizimi ehtiyojlari uchun yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskunalar, butlovchi materiallar hamda korxonalar tomonidan import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishida tayyorlangan xomashyo va materiallar hamda moddiy–texnik resurslarni yetkazib berish bo‘yicha 523,5 mlrd so‘mdan ziyod 1030 ta shartnoma imzolandi.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik kompaniyasi mahsulotlarini sohaning quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari: “Elektrqishloqqurilish”, “Elektrtarmoqqurilish”, “O‘zbekko‘mir”, “Savdoenergo” hamda “Elektroizolit”, “Nanotech industries”, “Egl-nur”, “Elektron hisoblagich”, “Quyosh issiqlik energiyasi”, “Elektr quvvat qurilmalari” va “Armatura-izolyator zavodi” MChJ QK o‘z stendlari orqali namoyish etdilar. Bu yerda zamonaviy elektr texnikasi jihozlari – issiqlik izolyatsiya materiallari, izolyator va barcha turdagi liniyani bog‘lovchi armaturalar, o‘lchov transformatorlari, elektron elektr hisoblagichlar, ichki va tashqi yoritish uchun energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan svetodiodli yoritish uskunalari (lampalar), quyosh suv isitgichlari va boshqalar namoyish qilindi.

Shuningdek, yarmarkada “O‘zbekenergo” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar elektr energetikasi sohasida qurilish-montaj, ishga tushirish–sozlash ishlari, energetik uskunalarni ta'mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish kabi bir qator xizmatlarni taklif etdi.

Top