“Dakar” poygasining birinchi bosqichi avtohalokat tufayli to‘xtatildi
Argentina poytaxti Buenos-Ayresda 2 yanvarda boshlangan “Dakar” ralli-marafonining birinchi kunida Xitoy jamoasining avtomobili tomoshabinlarga borib urildi. “Nason” gazetasining ma'lum qilishicha, avtohalokt oqibatida 8 kishi jarohat olgan.
Avtomobil ekipaji burilishda boshqaruvni qo‘ldan chiqarib, yo‘l chetida turgan tomoshabinlarga urilgan. Jabrlanganlar orasida balog‘atga yetmagan bolalar va homilador ayol bor. Jabrlanganlardan 3 nafari og‘ir ahvolda. AFP agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, avtomobilni xitoylik ayol poygachi Go Meylin boshqargan.
Noxush voqea sababli poygalar to‘xtatildi. 3 yanvarda poyga ishtirokchilari Rosario shahridan Vilya-Karlos-Pas shahriga yo‘l oladilar.
Joriy yilda poyga Argentina va Boliviya hududlaridan o‘tadi va 16 yanvarda Rosario shahrida yakunlanadi. Poyga startiga 350 tadan ko‘proq transport vositasi, jumladan 55 ta sport yuk mashinasi chiqqan.