O‘zbekiston | 08:53 / 25.02.2016
11784
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi: terrorchilar o‘z ta'sirini Markaziy Osiyoga yoymoqchi

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Rossiyada nishonlanadigan 23 fevral – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan qabulda Rossiya elchisi Vladimir Tyurdenev o‘z nutqida bugungi kunda terrorchilik guruhlari o‘z ta'sirini nafaqat Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika davlatlariga, balki boshqa hududlar, jumladan Markaziy Osiyoga yoyishga urinmoqda, deb aytdi.

Elchining aytishicha, shu munosabat bilan Rossiya bunga qarshi turish uchun o‘z hamkorlari, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari bilan tegishli aloqalarni jadallashtirmoqda.

"Biz bu yovuzlik bilan samarali kurashish uchun butun jahon hamjamiyati say'-harakatlari birlashishi lozimligini ta'kidlaymiz, bu jarayonni siyosiylashtirmasdan va dastlabki shartlarsiz keng koalitsiya shakllantirishni taklif qilamiz", deb aytdi Tyurdenev.

Tyurdenevning ta'kidlashicha, terrorchilik davlat chegaralari, xalqaro huquq va zamonaviy tamaddun qadriyatlarini tan olmaydi. Buning yorqin isbotlari butun dunyo bo‘ylab ular tomonidan uyushtirilayotgan qator portlashlar, asirlarning namoyishkorona qatl etilishi, minglab qurbonlar bo‘lmoqda. Terrorchilar barcha dunyo dinlarining bir necha asrlik qadriyatlarini izchillik bilan yo‘q qilmoqda. Ularning vahshiyona hujumlari davlatlarning qonuniy manfaatlari, ularda yashovchi xalqlarning huquqlari va erkinliklari, butun insoniyatga xavf solmoqda, deb aytdi Rossiya elchisi.

"Bunday sharoitlarda uzoq sarhadlarda davlatimizning xavfsizligini ta'minlayotgan Rossiya qurolli kuchlarining roli va javobgarligi ancha oshadi. Rossiya xalqaro huquqlarga to‘liq amal qilgan holda harakat qilib, Suriyadagi terrorchilar infratuzilmalariga havo va raketa zarbalarini samarali amalga oshirmoqda. U yerda Suriyaning qonuniy hukumati iltimosi bilan harakat qilayotgan harbiy-koinot kuchlarimiz eng nostandart vazifalarni bugungi kundagi zamonaviy jangovar armiyalarga xos tarzda qat'iy, professional va mardonavor bajarishga tayyorlar", deb ta'kidlab o‘tdi Tyurdenev.

Manba: Sputnik