Jamiyat | 11:47 / 02.03.2016
25846
3 daqiqa o‘qiladi

Lola: “Muammo – mening suratlarimni tomosha qilayotgan insonlarning o‘zida”

Xonanda Lola shok.uz saytiga bergan intervyusida muxlislarni qiziqtirgan bir necha savollarga javob berdi.

Sayt boshlovchisi xonandaga uning Shaxzoda bilan munosabati, sobiq turmush o‘rtog‘ining yaqinda bo‘lib o‘tgan nikoh to‘yi, katta tanqidga uchragan suratlari, “O‘zbeknavo”dan uzr so‘ragani haqida savollar bergan.

Lola Shahzoda bilan bir vaqtlar yoqalashgani haqidagi ma'lumot mutlaqo noto‘g‘ri ekanini qayd etdi.

Undan "Sobiq turmush o‘rtog‘ingizga nechinchi xotin bo‘lgansiz?", deb ham savol berishgan.
"Bilmadim. Men faqat birinchi bo‘lganman", deya javob bergan u. Lola yaqinda yangi oila qurgan sobiq turmush o‘rtog‘iga chin dildan baxt tilagan.

Tomoshabinlarning katta e'tiroziga sabab bo‘lgan tarmoqlardagi suratlari haqidagi savolga esa quyidagicha javob berilgan: “Men suratlarimda hech qanday axloqiy jihatdan qarama-qarshiliklarni ko‘rmayapman. Menimcha, muammoni suratlarimni ko‘rayotgan insonlarning o‘zlari yaratishmoqda. Bu ularning qanday ko‘z bilan qarayotganiga bog‘liq. Bu mening yurish-turishim, mening tarbiyam, dunyoqarashim – bunda qandaydir yomon tomonlarni ko‘rayotganim yo‘q. Instagramdagi sahifamda yana boshqa bir qancha to‘g‘ri ma'noli, yaxshi suratlarim bor, lekin negadir ular e'tibordan chetda qolib ketadi. Fikrimcha, men ko‘nglim buyurgan biron ishni qilishdan oldin kimdandir ruxsat so‘rashim shart emas”.

Shuningdek, u birovni muhokama yoki tanqid qilmaslikni o‘rganish kerakligini maslahat berdi.

Lola “O‘zbeknavo”dan kechirim so‘raganini ham tan oldi: “Men faqatgina “O‘zbeknavo”dan emas, balki mening suratlarim yoki xatti-harakatim kimnidir bezovta qilgan bo‘lsa, yoki kechalari uyqu bermayotgan bo‘lsa, barchangizdan uzr so‘rashga tayyorman!”.

Bundan tashqari, xonanda shaxsiy hayoti, rejadagi yakkaxon konserti va Rayhonning konsertiga nega bormagani haqidaga savollarga ham javob bergan.

Lolaning 1 mart kuni “Sog‘indim” deb nomlangan qo‘shig‘ining premerasi bo‘lib o‘tdi.