“Yoshlar ijod saroyi”da “Ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan tasdiqlangan “2016 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi” doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 2016 yilning 3-4 martida “Yoshlar ijod saroyi”da “Ixtisoslashtirilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” bo‘lib o‘tdi.
Mehnat yarmarkasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi, shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, Toshkent shahar IIBB, “Mahalla” Xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi va “Kamolot” YoIH hamkorligida o‘tkazildi.
Yarmarkaning ochilish marosimida so‘z olganlar qayd etganidek, mustaqillikning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda nogironlar, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa hojatmand qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, ularning turmush darajasi va sifatini oshirish, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2009 yildan buyon hukumat ishlab chiqqan loyiha asosida Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi parlament tomonidan qabul qilinishi hamda uning hayotga tatbiq etilishi ustidan nazorati olib borilishiga oid amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi o‘z natijasini berayotgani ta'kidlandi. Tadbirda yig‘ilganlar birgina 2015 yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil qilingan bo‘lib, shuning 60 foizdan ziyodi qishloq joylarda yaratilgani, kollejlarning 480 mingdan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta'minlaniga alohida urg‘u berishdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad — Toshkent shahridagi vaqtincha ish bilan band bo‘lmagan va faol ish qidirayotgan aholi, birinchi navbatda yoshlar, ayollar va nogironlar hamda xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatida bo‘lib qaytgan migrantlar hamda odam savdosi jabrdiylariga shaharda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatini yaratish, ularning doimiy ish bilan ta'minlanishiga ko‘maklashish hisoblanadi.
Bunday xayrli vazifani amalga oshirishga hissa qo‘shish maqsadida yarmarkada tegishli vazirlik va idoralarning mas'ul mansabdor shaxslari, jamoat tashkilotlari hamda tijorat banklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yarmarkada vakant ish o‘rinlariga ega korxona va tashkilotlar o‘z faoliyati haqida batafsil ma'lumot beruvchi ko‘rgazmali stendlari, tarqatma materiallarini ishtirokchilar e'tiboriga havola etishdi. Bundan tashqari, yarmarkaga tashrif buyurgan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan aholi Mehnat vazirligi va vazirlik hududiy boshqarmalarining mutaxassislaridan fuqarolarning ish bilan ta'minlanishi hamda mehnat muhofazasiga oid amaldagi qonunchilik yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Ixtisoslashtirilgan yarmarkada 5mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari bilan 350 dan ortiq tashkilot va korxonalar ishtirok etdi. Bundan tashqari, o‘zining xususiy biznesini yuritish niyatida bo‘lganlar uchun imtiyozlar shartlarda va qisqa muddat ichida kredit ajratishga ko‘maklashish maqsadida 60 dan ortiq tijorat banklari jalb etildi.
Ikki kunlik mehnat yarmarkasida 5 mingdan ortiq aholining tashrifi ta'minlandi.