O‘zbekiston | 20:03 / 09.03.2016
5500
2 daqiqa o‘qiladi

Sasol O‘zbekistonda sintetik yonilg‘i ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi loyihasini tark etishi mumkin

Janubiy Afrika Respublikasining Sasol kompaniyasi 2016 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda sintetik yonilg‘i ishlab chiqaruvchi (GTL) zavod qurilishida o‘zining keyingi ishtiroki haqida qaror qabul qiladi, deb xabar bermoqda kompaniya vakili.

"Biz neft narxi pastligi tufayli fevralda O‘zbekistonda GTL zavod qurilishidagi uzoq muddatli ishtirokimizni qayta qo‘rib chiqishga qaror qildik", deb aytdi kompaniya vakili. U yozgacha "kompaniya aksionerlari loyihadagi ishtiroklari borasida bir to‘xtamga keladilar" deb aytdi.

2009 yilda "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi, JARning Sasol va Malayziyaning Petronas kompaniyalari O‘zbekistonda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi negizida GTL zavod qurish uchun Uzbekistan GTL qo‘shma korxonasini yaratishgan. Ayni vaqtda "O‘zbekneftgaz" va Sasol loyihada 44,5 foizdan, Petronas esa 11 foiz ulushga ega. 2013 yil yozida Sasol o‘zining loyihadagi ulushini 25,5 foizga kamaytirishga qaror qilgan, qolgan qism esa amaldagi aksionerlar o‘rtasida taqsimlanishi yoki qo‘shma korxonaning yangi ishtirokchilariga berilishi mumkin. Ayni vaqtda qo‘shma korxona loyiha uchun qo‘shimcha ishtirokchilarni faol ravishda qidirmoqda.

Yangi quriladigan zavod yiliga 3,5 mlrd kub metr gazni qayta ishlashi va 864 ming tonna dizel yonilg‘isi, 304 ming tonna aviakerosin, 395 ming tonna nafta va 11,2 ming tonna siqilgan gaz ishlab chiqarishi belgilangan. Zavodning texnologik qismini to‘liqligicha Janubiy Koreyaning Hyundai Engineering & Construction kompaniyasi amalga oshiradi.