Jahon | 00:16 / 31.03.2016
2121
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonlik mansabdor shaxslarga 35 ming dollardan qimmatroq mashina xarid qilish taqiqlandi

Qozog‘istonning aksilkorruptsion mediamarkazida qozog‘istonlik mansabdor shaxslarning shaxsiy avtomobillari narxi 35 ming dollardan, qo‘l telefonlari narxi esa 70 ming tangadan oshmasligi kerakligi ma'lum qilindi.

Bundan tashqari, aksilkorruptsion mediamarkaz direktori Marat Kairgaliyevning aytishicha, endilikda davlat xizmatchilari jamoat joylarida hattoki yengil mast holatda ham paydo bo‘la olmaydilar, deb xabar bermoqda "Matritsa" nashri.

"Qozog‘istonda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha katta ish o‘tkazilmoqda. Misol uchun, yangi qonunning kuchga kirganidan keyin mansabdor shaxsning uyali telefoni 70 ming tangadan, avtomobili esa 35 ming dollardan oshmasligi kerak. Shuningdek, davlat xizmatchilari restoran, kafe, kinoteatr va boshqa jamoat joylarida mast holatda paydo bo‘la olmaydilar. Bunday qilmish uchun amaldor ma'lum javobgarlikka tortiladi. Bundan tashqari, yaqin orada G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida reydlar amalga oshirilib, unda nafaqat xizmat mashinasidan ishdan tashqari vaqtda foydalanish, balki davlat xizmatchilarining axloq kodeksini buzishi holatlari tekshiriladi", deb ma'lum qildi Kairgaliyev.

G‘arbiy Qozog‘iston ichki ishlar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Boyirjon Raxmetov viloyatda hozircha davlat xizmatchilarining jamoat joylarida mast holatda paydo bo‘lishini aniqlashga qaratilgan tekshiruvlar o‘tkazilmayotganini ta'kidlab o‘tdi.

"Albatta, misol uchun, qandaydir mansabdor shaxs axloq me'yorlarini buzsa va restoran ma'muriyati politsiyani chaqirib, birortasi xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, to‘polon qilayotganini aytsa, biz bu shaxsning egallab turgan lavozimidan qat'iy nazar unga nisbatan chora ko‘rishga majburmiz. Hozirgi kungacha bunday qoidabuzarliklarga misollar talaygina bo‘lgan", deb aytdi Boyirjon Raxmetov.