O‘zbekistonlik matematik fanning mingyillik muammolaridan birini yechganini ma'lum qildi
Qarshi davlat universiteti matematigi Shokir Davlatov mingyillikning oltinchi muammosini yechganini ma'lum qildi. Davlatov o‘zining masalaga qarashini arXiv.org saytida chop etilgan maqolada bayon qilgan.
"Ishda mingyillikning 6-muammosi yechimi berilgan: fazoviy o‘zgaruvchilar bo‘yicha davriy chegaraviy shartlarga ega Nave-Stoks masalasining yagona silliq yechimi mavjudligi isbotlandi", deb ma'lum qiladi Davlatov.
arXiv.org saytida chop etilgan ish rus tilida yozilgan bo‘lib, uning annotatsiyasi shuningdek ingliz tilida ham berilgan. QarDU rasmiy saytida Davlatov matematika kafedrasi xodimi ekanligi ko‘rsatilgan.
Nave-Stoks tenglamasi qovushoq suyuqlikning harakatini ta'riflaydi. Gidrodinamikaning asosiy masalalaridan biri hisoblanadi.
Oxirgi marta mingyillikning 7ta masalasidan biri – Anri Puankarening gipotezasi isbotini 2002 yilda rossiyalik matematik Grigoriy Perelman yechgan edi. Uning bu haqdagi ishi ham arXiv.org saytida chop etilgandi. Ushbu ixtironi xalqaro ilmiy hamjamiyat tan olgan, biroq olim unga 2010 yilda bu ishi uchun Kley matematika instituti (AQSh, Massachusets shtati, Kembrij shahri) tomonidan berilgan mukofotni olishdan bosh tortgan.
2014 yilda mingyillikning 6-muammosini yechgani haqida Qozog‘istondagi Lev Gumilev nomidagi Yevrosiyo milliy universiteti xodimi Muxtorboy O‘talboyev ma'lum qilgandi. Biroq amerikalik matematik Terens Tao O‘talboyevning yechimini inkor qiluvchi qarshi misollar keltirilgan edi.
2015 yilda Nigeriyadagi Oyye-Ekiti shahridagi Federal universitet xodimi Opiyemi Enox Riman gipotezasini isbotlay olganini ma'lum qilgan. Biroq Kley matematika institutida Riman gipotezasi hanuzgacha isbotlanmagan, deb hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, mingyillik masalalari "ko‘p yillardan beri yechimi topilmagan muhim masalalar" deb ta'riflangan 7ta matematik muammodan iborat. Bu muammolardan har birining yechimi uchun Kley matematika instituti 1 million dollar mukofot puli belgilagan.
2016 yil holatiga ko‘ra bu 7ta masaladan faqat bittasi – Anri Puankarening gipotezasi isbotlangan.
Quyida ushbu masalalar keltirilgan:
1. P va NP sinflar tengligi.
2. Xodj gipotezasi.
3. Puankare gipotezasi.
4. Riman gipotezasi.
5. Yang-Mills nazariyasi.
6. Nave-Stoks tenglamalari yechimlarining mavjudligi va silliqligi.
7. Byorch-Svinnerton-Dayyer gipotezasi.