Jamiyat | 18:41 / 22.04.2016
4350
3 daqiqa o‘qiladi

ATB “Qishloqqurilishbank” xodimlari o‘z xizmat vazifasini suiiste'mol qilishdi

Bobur Qurbonov, Olima Ro‘ziyeva, Tohir Sherov, Husen Xodjayev, Shahobiddin Qurbonov va Shuhrat Murtazoyevlar o‘zaro jinoiy til biriktirib, bank kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilishni rejalashtirganlar. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Xususan, B.Qurbonov bank boshqaruvchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab, bank kreditlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Qurbonov va bo‘lim mutaxassisi H.Xodjayevlar “yordami”da yakka tartibdagi tadbirkor O.Ro‘ziyevaga chorva mollari sotib olish uchun ATB “Qishloqqurilishbank” Gala-Osiyo filialidan 69 mln.so‘m kredit mablag‘larini ajratadilar.

Bu yo‘lda ular xujjatlarni soxtalashtirish bilan bilan birga go‘yoki olingan kredit mablag‘lari maqsadli sarflanayotganligi hususida soxta yozuv va ma'lumotlar kiritishni ham unutmaydilar.

Shuningdek O.Ro‘ziyeva rahbarligidagi “Madad Gazoil Invest” MChJga tegishli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida ishlovchi A.Axrorovning nomiga tashkil qilingan YaTT “A.Axrorov”ga ATB “Qishloqqurilishbank” Gala Osiyo filialidan ajratilgan 70 mln.so‘mlik kredit mablag‘lari rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qilinadi.

Bundan tashqari, B.Qurbanov ATB “Qishloqqurilishbank” viloyat mintaqaviy filiali sobiq boshqaruvchisi Sh.Murtazoyev mazkur bankning Gala-Osiyo filiali sobiq boshqaruvchisi T.Sherov, kreditlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Qurbonov va bo‘lim mutaxassisi H.Xodjayevlar O.Ro‘ziyeva rahbarligidagi “Madad Gazoil Invest” MChJ ga qarashli AYoQSh binosini sotib olish uchun ATB “Qishloqqurilishbank” viloyat mintaqaviy filialidan kredit shartnomasiga binoan 320 mln. so‘mlik kredit mablag‘lari rasmiylashtiradilar.

O‘z navbatida, O.Ro‘ziyeva ajratilgan kredit mablag‘larini biznes rejasida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga zid ravishda kredit mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-taroj qiladi.

Shunday qilib, Botir Qurbonov, Olima Ro‘ziyeva, Tohir Sherov, Husen Xodjayev, Shahobiddin Qurbonov, Shuhrat Murtazoyevlar 459 mln.so‘mlik juda ko‘p miqdordagi kredit mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon –taroj qilishganligi ma'lum bo‘ldi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan ularga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4 nafari ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinib, 2 nafariga esa garov ehtiyot chorasi qo‘llangan edi. Ayblanuvchilarning yaqin qarindoshlari tomonidan 459 mln.so‘m miqdorida yetkazilgan zarar to‘laligicha qoplanganligi inobatga olinib, sud tomonidan qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.