Jamiyat | 16:04 / 22.04.2016
3205
2 daqiqa o‘qiladi

Maslahat.uz guruhida qoraqalpog‘istonlik nogiron yigitga aravacha olib berish uchun 3 kunda 4 mln so‘m yig‘ib berildi

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi “Maslahat” guruhi a'zosi, qoraqalpog‘istonlik nogiron guruh a'zosi Islom Tilepovga shu guruhning boshqa foydalanuvchilari tomonidan insonparvarlik yordami ko‘rsatildi.

Guruhning yana bir a'zosi Sardor Mahkamov tashabbusi bilan bu nogiron yigitga aravacha olib berish uchun xayriya mablag‘lari yig‘ilishi bo‘yicha e'lon berilgan. Unga ko‘ra, naqd pul ko‘rinishida, Pul o‘tkazish yoki kartadan pul tushirish hamda Webmoney orqali xayriyalar qabul qilingan.

Bugun, e'lon joylashtirilganidan 3 kun o‘tib, kerakli 4 mln so‘m yig‘ib bo‘lingan.

"Islom guruhimiz a'zosi va u mendan shu ko‘rinishda post qoldirishni iltimos qilgani yo‘q, u buni bilmadi ham, keyin man Islomni tanimayman, “Bitta arava bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi, unga o‘xshaganlar ko‘p topiladi” deydiganlarga – yaxshilik qilish qo‘lingizdan kelmasa, yomonlik ham qilmanglar iltimos, bo‘lar bo‘lmas gaplar bilan postda kayfiyatni buzmanglar! Yana bir gap, mashennik, yoki aldoqchi, yoki yana nimadirlar degan fikrdan yiroqda bo‘linglar, asosiy maqsad guruhimiz faollari bilan shu ish qo‘limizdan keladimi yo‘qmi? Shuni bilish! Balki kelar! Yana savollar bo‘lsa bemalol!", deya post qoldirilgan guruhda.

Odil Ikramov post ostida o‘z yordamlarini ko‘rsatgan ko‘ngillilar ro‘yxatini keltirgan.