Jahon | 17:43 / 28.04.2016
1995
1 daqiqa o‘qiladi

Fransiya parlamenti Rossiyaga nisbatan jazo choralarini bekor qilish rezolyutsiyasini ma'qulladi

Fransiya parlamentining quyi palatasi — Milliy Assambleyada Rossiyaga qarshi sanksiyalar muddatini uzaytirish masalasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tgan. Unda quyi palataning 577 nafar a'zosidan 101 deputati ishtirok etgan. Ovoz berish jarayonida ishtirok etganlarning aksariyati ushbu sanksiyalar muddati poyoniga yetgach, bekor qilish rezolyutsiyasini ma'qullashgan. Milliy Assambleya saytiga joylangan ma'lumotlar shundan dalolat beradi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish tashabbusini 55 nafar parlamentariy qo‘llab-quvvatlagan. 44 deputat qarshi chiqqan. Aytish joizki, bunday mazmundagi hujjatning qabul qilinishi tavsiya ma'nosiga ega. Fransiya ijroiya hokimiyatiga uni bajarish majburiyati yuklatilmaydi.

Ushbu rezolyutsiyani "Fransiya-Rossiya muloqoti" uyushmasi hamraisi deputat Terri Mariani ilgari surgan. U 2015 yil iyul oyida fransuz deputatlari delegatsiyasiga rahbarlik qilib, Qrimga tashrif buyurgan edi.