Gondurasda politsiyachilar aksilnarkotik qo‘mita boshlig‘ini o‘ldirganlikda ayblanmoqdalar
Gondurasda maxsus hukumat komissiyasi 27 nafar politsiya sardorini o‘z lavozimidan chetlatdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. Ulardan 4 nafari mamlakatning aksilnarkotik qo‘mitasi boshlig‘i Aristides Gonsalesni o‘ldirganlikda ayblanmoqda.
Hukumatning Gonduras politsiya elitasining yarmidan ko‘pini o‘z lavozimidan chetlatish qarori huquq-tartibot muassasalari rahbariyatining jarangdor jinoyatlarga aloqador bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq mojaro sababli qabul qilindi. Tergovning fikricha, iste'foga jo‘natilgan 4 nafar politsiyachi Gonsalesning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lishi mumkin.
"Bu chora politsiya saflarini tozalashga qaratilgandir, u politsiya nomini oqlash uchun zarur. Politsiya nomi hech qachon uyushgan jinoyat bilan bog‘lanmasligi kerak", deb aytdi komissiya a'zosi Omar Rivera.
Avvalroq 15 aprelda Gonduras prezidenti Xuan Orlando Ernandes mamlakatning ichki ishlar vaziri Arturo Korralesning iste'fosini qabul qilgandi. Mahalliy OAV Korralesning bunday kutilmaganda iste'foga ketishini uning Gonsales va prokuror Orlando Chavesning qotilliklariga aloqadorligi bilan bog‘lashgandi.