Iqtisodiyot | 09:43 / 17.05.2016
29705
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya gipermarketlari Turkiya mahsulotlarini O‘zbekiston mahsulotlariga almashtirmoqda

Rossiyaning eng yirik gipermarketlari O‘zbekiston bilan meva-sabzavotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish borasida muzokara o‘tkazmoqda. Bu haqda Sputnik agentligi "O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasidagi manbaga asoslangan holda xabar bergan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva va sabzavotlarga Rossiyaning "Magnit", "Ashan", "6 sotok", "Essen" va boshqa ko‘plab yirik savdo markazlari tomonidan qiziqish tobora ortayotgani aytilgan.

"O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning Rossiyaga tashrifidan so‘ng rossiyalik tadbirkorlar va yirik kompaniyalardan ko‘plab talablar kelib tushdi. Ular bizga tayyor oziq-ovqat mahsulotlari hamda meva va sabzavotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish iltimosi bilan murojaat qilishmoqda.

Yaqindagina aviareyslar orqali "Essen" savdo markaziga 5 tonna gilos yetkazib berilganini ushbu hamkorlikning muvaffaqiyatli boshlanishi sifatida e'tirof etish mumkin. Yaqin orada shu yo‘nalish bo‘yicha yana 10 tonna gilos yuborilishi rejalashtirilgan.", — deb ta'kidladi manba.

Manbaning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda Rossiya gipermarketlari vakillari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Gap 1 yillik emas, balki, 5-15 yillik shartnomalar imzolash to‘g‘risida bormoqda.

O‘zbekiston tomoni Rossiya uchun afzalliklar yaratish maqsadida, shartnoma doirasida o‘z mahsulotlariga mavsum davomida talabga qarab o‘zgarmaydigan, yagona narx o‘rnatishni taklif qilmoqda.

O‘zbekiston savdo-logistika markazlarida tashkil qilinayotgan, meva va sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan savdo-logistika markazlari yangi transport sxemasi asosi bo‘lib xizmat qilishi aytilmoqda. O‘zbekistonning 11ta viloyatida ana shunday obektlarni yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, meva-sabzavotlar daladan bevosita savdo-logistika markazlariga olib kelinadi va keyinchalik eksport yoki tayyor mahsulot ko‘rinishida qayta ishlanishi uchun maxsus kameralarga joylanadi. Shundan so‘ng, mahsulotlar Rossiyadagi ixtisoslashtirilgan O‘zbekiston-Rossiya savdo uylariga yuboriladi. Bu uylardan mahsulotlar iste'molchi xonadoni ostonasigacha yetkazib berilishi kutilmoqda.

"Rossiyadagi savdo uylarida chakana va ulgurji savdo yo‘lga qo‘yiladi", deydi manba.

O‘zbekiston rossiyalik hamkorlar bilan Rossiya hududida yangi savdo uylarini tashkil qilish borasida ham ish olib bormoqda. Yaqin yillarda tomonlar 15ga yaqin savdo uylarini tashkil qilishni rejalashtirishgan, ularning aksariyati Sibir va Uzoq Sharqda joylashtirilishiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda Rossiyada shunga o‘xshash 10ga yaqin obektlar faoliyat olib bormoqda, ular Moskva, Sankt-Peterburg, Barnaul, Novosibirsk va boshqa shaharlarda joylashgan.

"Kelajakda biz raqobat qilishi mumkin bo‘lgan turkiyalik ishlab-chiqaruvchilar boshqacha tartibda ish ko‘rishadi. Ular har biri o‘zicha harakat qiladi, raqiblarni bozordan siqib chiqarish maqsadida ko‘pincha sun'iy ravishda narxni pasaytirishadi. Biz esa Rossiya bozoriga yagona front bilan chiqamiz, mahsulotlarni yirik partiyada, muntazam ravishda va markazlashgan holda yetkazib beramiz, shu bois ular bizga javob qaytara olishlari juda qiyin. Bundan tashqari, O‘zbekiston bir joyda turib qolgani yo‘q, tara va upakovka sifati, mahsulot sertifikatsiyasi ustida ishlanmoqda", — deb ta'kidlagan manba.