Xaker LinkedIn’ning 117 million nafar foydalanuvchisi parolini o‘g‘irlagani ma'lum bo‘ldi
Noma'lum xaker tomonidan bir necha yil avval ishbilarmonlar uchun yaratilgan LinkedIn ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilarining o‘g‘irlangan parollari soni 100 milliondan ortiq. Bu haqda tarmoq vakillariga asoslanib TASS xabar qildi.
Shaxsiy ma'lumotlarni o‘marish 2012 yilda sodir bo‘lgandi. O‘sha paytda kiberjinoyatchi internetga o‘zi o‘g‘irlagan bir necha million LinkedIn foydalanuvchilari parolini yuklagan. Ijtimoiy tarmoq vakillari o‘sha vaqtda 6,5 millionta parol o‘g‘irlanganini ma'lum qilgan edi. Biroq endi ularning soni taxminan 117 millionta ekani aniqlandi.
LinkedIn xabarida kompaniya ushbu hodisaga aloqador parollarni bekor qilish choralarini ko‘rayotgani hamda parollarni o‘zgartirish iltimosi bilan foydalanuvchilarga murojaat etayotgani bildirilgan.
Forbes jurnalida keltirilishi bo‘yicha, xaker o‘g‘irlagan ma'lumotlarini internet orqali 2,2 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. U buning uddasidan chiqqanmi, yo‘qmi, aniq emas.
LinkedIn ijtimoiy tarmog‘iga 2003 yilda Kaliforniyada asos solingan. Platforma biznes-aloqalar o‘rnatish imkoniyatini beradi. Manba auditoriyasi turli sohalar vakillari bo‘lgan taxminan 400 million mutaxassislarni o‘zida jamlagan. Kompaniyaning Nyu-York fond birjasida kapitalizatsiyasi 20 milliard dollar atrofida.