“Elektron hukumat” tizimi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda "Elektron hukumat”ni joriy etishning huquqiy asoslari" mavzuida davra suhbati o‘tkazdi.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani, "elektron hukumat" axborot tizimi faoliyati va joriy etilishini tartibga soluvchi axborot sohasi qonunchiligining amaliyotga tatbiq etilishi samaradorlikni yanada oshirishini ta'kidladi.
Joriy yilning 10 iyunidan kuchga kiradigan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun davlat boshqaruvi tizimidagi ma'muriy islohotlarni chuqurlashtirish, "yagona darcha" tamoyili asosida elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda fuqarolarning huquq va manfaatlarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
«Elektron hukumat»ni joriy etishda Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, 2013-2020 yillarda 2,1 trillion so‘mlik telekommunikatsiya texnologiyalari va aloqa infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 17 loyiha, «elektron hukumat» ma'lumotlar bazasi va axborot tizimlari kompleksini yaratishda qo‘l keluvchi o‘ttizga yaqin loyiha amalga oshiriladi.
«Joriy yilning birinchi mayidan yangi elektron soliq xizmatlari portali ishlab chiqildi, – deydi Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Hayotjon Nasrulloyev. – Bu orqali aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining soliq organlari bilan o‘zaro munosabatlarining ochiqligi, tezkorligi va samaradorlik darajasi yanada oshdi».