O‘zbekiston | 18:33 / 23.05.2016
9318
1 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ijod saroyida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi

Aholi bandligini ta'minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish maqsadida Toshkent shahar hokimligi va boshqa mas'ul idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 613 korxona va tashkilot, muassasa 6500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

– Yarmarkada tumanimizdagi 35 korxona va tashkilot 528 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etmoqda, – deydi Yakkasaroy tumani bandlikka ko‘maklashish markazi bosh mutaxassisi Muattar Eshbekova. – Tadbirda qatnashayotgan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarning mikrokredit olish haqidagi murojaatlari qabul qilindi.  

Tadbir doirasida mutaxassislar tomonidan fuqarolar bilan mehnat qonunchiligi, ularning huquqiy bilimini oshirish borasida suhbatlar o‘tkazildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.