“Aloqabank”ning Farg‘ona viloyati filiali sobiq rahbari xodimlarning maoshi pulini o‘zlashtirdi
“Aloqabank”ning Farg‘ona viloyat filiali sobiq rahbari Marat Chagayev bank xodimlari uchun maoshi sifatida ajratilgan 15 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganligi aniqlandi. Bu haqda “Farg‘ona haqiqati” nashri yozmoqda.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 2012 yilda Chagayev va uning yordamchisi bo‘lmish bosh buxgalter hamda uning o‘rinbosari bank xodimlari maoshi uchun ajratilgan 18 million so‘m mablag‘dan 6,8 million so‘mini o‘zlashtirib yuborishadi.
2015 yilning yarim yilligi uchun “Aloqabank” xodimlariga ajratilgan 21,6 million so‘m mablag‘ning 10 mln so‘mi ham Chagayevning cho‘ntaklarini to‘ldiradi. Bundan tashqari, Chagayev o‘z ehtiyojlariga bankning korporativ plastik kartasidan 500 mingdan ziyod pulni sarflab yuboradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi uni egallab turgan lavozimidan bo‘shatdi hamda eng kam ish haqining 200 baravari miqdorida jarimaga tortdi.