Merkel: Germaniya Turkiya bilan barcha tomonlama munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
Germaniya Turkiya bilan barcha tomonlama munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor, ba'zi savollar bo‘yicha turli fikrlik bo‘lsa-da, ikki davlatni ko‘p jihatlar birlashtiradi, deb aytdi Germaniya kansleri Angela Merkel Berlinda NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bilan birgalikda bergan matbuot-anjumanida jurnalistlarga.
2 iyunda Anqara Germaniya bundestagi deputatlari tomonidan 1915 yilda turklar tomonidan armanlarga nisbatan amalga oshirilgan jinoyatlarning genotsid deb tan olinishiga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilganlariga javoban o‘zining Berlindagi elchisini maslahatlashuv uchun ortga qaytarib oldi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an jurnalistlarga "bu qaror Turkiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ta'sir ko‘rsatishini" aytgan.
"Men NATO bosh kotibi oldida Germaniya va Turkiyani ko‘p narsa birlashtirishini aytmoqchiman. Ba'zi savollar bo‘yicha turli fikrlik bo‘lsa-da, biroq bizning munosabatlarning kengligi, mudofaa masalasidan tortib boshqa ko‘plab masalalargacha do‘stona va strategik munosabatlarimiz kenegligi juda katta. Shuning uchun men va federal hukumat Armaniston va Turkiya o‘rtasida 101 yil avvalgi voqealar masalasidagi suhbat olg‘a borishiga ko‘mak berishni istardik, biz hamkorlar yana tarix bilan qanday ishlash kerakligi haqida gaplasha olishlari hamda nemis-turk munosabatlarini barcha jihatlar bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash uchun barcha ishni qilamiz", deb aytdi Merkel.
Turkiya armanlar genotsidi bo‘yicha ayblovlarni inkor qilib, 1915 yildagi fojiada armanlar kabi turklar ham qurbon bo‘lganini tasdiqlab keladi. Armaniston jahon hamjamiyati tomonidan Usmon imperiyasida armanlar genotsidiga yo‘l qo‘yilgani tan olinishini talab qilib keladi. Genotsid holati ko‘plab davlatlar, jumladan Rossiya, Fransiya, Shveytsariya, Polsha hamda Yevroparlament va Butunjahon cherkovlar kengashi tomonidan tan olingan.