Erdo‘g‘an: Armanlar masalasidan Turkiyani shantaj qilish vositasi sifatida foydalanishmoqda
Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an arman masalasi boshqa davlatlar tomonidan Anqaraga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanilayotganini aytdi. Erdo‘g‘anning bu so‘zlarini Anadolu agentligi keltirib o‘tdi.
"Butun dunyoda arman masalasi Turkiyani shantaj qilishning oson yo‘li yoki hattoki to‘qmoq sifatida qabul qilina boshlandi", deb aytdi Turkiya yetakchisi.
Erdo‘g‘an Germaniya parlamenti tomonidan 1915 yilda armanlarga qarshi jinoyatlarning genotsid deb tan olinishi haqidagi rezolyutsiyaning ma'qullanishiga izoh berib, bu qaror arman xalqini himoya qilish bilan hech qanday umumiylikka ega emasligini aytdi. "Armanlar bir bahona va buni barchamiz yaxshi bilamiz. Umid qilamanki, armanlar oxir-oqibat bu haqiqatni tushunishadi va o‘zlaridan foydalanishga imkon berishmaydi", deb qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.
2 iyunda Germaniya parlamenti 1915 yilda Usmon imperiyasida armanlarga qarshi jinoyatlarni genotsid deb tan oluvchi rezolyutsiyani ma'qulladi. Turkiya bu qarorga keskin munosabat bildirdi.
Armanlar genotsidi Usmon imperiyasi hududida Birinchi jahon urushi vaqtida va undan keyin armanlarning tizimli yo‘q qilinishi bo‘lib, turli ma'lumotlarga ko‘ra, turk hukumatining bu harakatlari natijasida 800 mingdan 1,5 mln gacha armanlar halok bo‘lgan.
Turkiya genotsid holatini inkor qiladi. Anqaraning rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, armanlarni ko‘chirishdagi qurbonlar qasddan bo‘lmagan.