O‘zbekiston | 11:58 / 09.06.2016
7849
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi Qozog‘iston elchixonasida global muammolarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

21-asrga qadam qo‘ygan insoniyat global hamkorlikning yangi davri boshlanishiga umid qilgan edi. Ammo bugun bu sarobga aylangandek. Dunyoga ayni damda xavf tahdid solmoqda. Buni global urush xavfi deyish mumkin. Olimlarning fikricha, ona yerimizda 15 mingdan ortiq urush yuz bergan. Bu har yili uchta urush demakdir. Bu urushlar oqibatida yuz millionlab odamlar halok bo‘ldi. Yuzlab mamlakatlar, shaharlar yer yuzidan supurib tashlandi.

21-asrda insoniyat taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi. Ayni damda dunyo To‘rtinchi sanoat inqilobi arafasida turibdi. Shu bilan birga urush virusi xalqaro vaziyatni zaharlashda davom etmoqda. Bugun yer yuzi aholisi qo‘lida 1 milliard dona o‘q otar qurol bor. Bu qurollar bir kunda minglab fuqorolarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Xalqaro munosabatlarda nizolar xavfi yuzaga keldi. Jangovor harakatlar jug‘rofiyasi avvalgi ikkita jahon urushi yuz bergan xududlarni - Yevropa sharqi, Afrika shimoli, Yaqin Sharqni qamrab oldi. Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnoma o‘z vaazifasini bajarmayapti. Shu sababli millionlab odamlar jahondagi vaziyat qay tomon ketmoqda, degan savolni o‘zlariga   bermoqda.

2016 yilning 8 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mana shu boradagi masala atrofida so‘z yuritildi. Qozog‘istonning mamlakatimizdagi  Favqulodda va Muxtor elchisi Yerik Utembayev tomonidan tashkil etilgan tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari, ilmiy-akademik doiralar vakillari va qozoq diasporasi rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyevning shu yil 31 mart kuni Vashingtonda yadro xavfsizligiga bag‘ishlangan sammitda so‘zlagan nutqi yuzasidan atroflicha ma'lumot berildi.

Bu nutq “Dunyo. 21-asr” manifesti sifatida taqdim qilindi. “21-asr: urushlarsiz dunyo” dasturida Qozog‘iston rahbari uchta masalani ko‘tarib   chiqqan.

- Zamonaviy urushlarda g‘oliblar bo‘lmaydi. Bu urushda ishtirokchilarning hammasi mag‘lub bo‘ladi.

- Yangi urushda tomonlar ommaviy qirg‘in qurollaridan - yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa qurollardan foydalanadi. Bu millionlab odamlarning qurbon bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

- Davlatlar o‘rtasidagi barcha bahslar tinch muloqotlar va samarali muzokoralar orqali hal qilinishi kerak.

“Dunyo. 21-asr” manifesti barcha davlatlar tomonidan tan olinib, BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi tomonidan rasmiy hujjat sifatida qabul    qilindi.

Shundan so‘ng Qozog‘iston elchisi 25-26 may kunlari bo‘lib o‘tgan Astana Iqtisodiy forumi yakunlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Qozog‘iston elchisi O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib o‘tdi. U mustaqillik yillarida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro qardoshlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganligini ta'kidlab o‘tdi. O‘zbekiston Qozog‘istonning muhim siyosiy va iqtisodiy hamkoriga aylandi. 2015 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 3 milliard dollarga yetdi.

Anjuman yakunida Qozog‘iston elchisi Toshkentdagi qozoq diasporasi vakillari bilan uchrashib, muhim masalalar yuzasidan maslahatlashib oldi.
                             
 Sharofiddin    To‘laganov