O‘zbekistonlik tennischilar xalqaro musobaqalardagi o‘z ishtiroklarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda
O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin Angliyaning London shahrida “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Uimbldon – 2016” xalqaro turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Nufuzli musobaqaning ikkinchi davrasida Denis Istomin ispaniyalik Nikolas Almagroga qarshi kortga chiqdi va 6:4, 7:6, 6:2 hisobida g‘alaba qozondi. Endi u uchinchi davrada belgiyalik David Goffen bilan kuch sinashadi.
Yana bir o‘zbekistonlik tennischi Oqgul Omonmurodova Polshada xotin-qizlar o‘rtasida davom etayotgan “Torun – 2016” xalqaro turniri juftlik bahslari yarim finaliga chiqdi.
Oqgul rossiyalik Valentina Ivaxnenko bilan birinchi davrada vengriyalik Vanda Lukash va bolgariyalik Izabella Shinikovani, chorak finalda slovakiyalik Viven Juxajova va belaruslik Irina Shimanovichni mag‘lub etdi. Oqgul va Valentina yarim finalda polshalik Justina Jyegiolka va ukrainalik Valentina Straxovani sinovdan o‘tkazadi.
Buyuk Britaniyada tennis bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tayotgan xalqaro turnirning juftlik bahslarida o‘zbekistonlik iste'dodli tennischilar Humoyun Sultonov va Jo‘rabek Karimov finalga yo‘l oldi.
Humoyun Sultonov va Jo‘rabek Karimov yarim finalda yaponiyalik tennischilar Naoki Tajima va Yunosuke Tanakani 7:6, 6:1 hisobida yengdi. Yosh tennischilarimiz finalda amerikalik Vasil Kirkov va Ulises Blank bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.