Jahon | 18:37 / 08.07.2016
13080
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda "shengen" tartibini taklif etmoqda

Unga ko‘ra, Markaziy Osiyoning bir mamlakatiga kelayotgan sayyohga O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston bo‘ylab sayyohlik xizmatlari taklif etilishi mumkin. 

Qirg‘iziston Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘ylab yagona sayyohlik to‘plamini joriy qilish tashabbusi bilan chiqmoqda. Respublika Madaniyat vazirligi qoshidagi turizm departamenti rahbari Azamat Jamankulov MDH mamlakatlari turizm bo‘yicha Kengashining Bishkekda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida shunday bayonot bergan. 

U, mazkur tashabbusni Yevropadagi "shengen" viza tartibiga qiyoslab, sayyohlarning bir marta viza olish bilan ko‘plab xizmatlarga ega bo‘lishini ahamiyatli deya baholagan. 

"Qirg‘izistonga kelayotgan ko‘plab sayyohlar, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonda bo‘lishni ham xohlashgan bo‘lardi. O‘ylashimcha, yagona sayyohlik to‘plamini ishlab chiqish kerak. MDH hududidan foydalangan holda, mintaqaviy sayyohlik mahsulotlarini taklif etsa bo‘ladi", — degan Jamankulov.