Jahon | 15:06 / 13.07.2016
11472
21 daqiqa o‘qiladi

Ayollar hukumat tepasida: kuch va noziklik uyg‘unligi

Qadimda donishmandlardan biri “biz dunyoni, ayollar esa bizni boshqaradi”, degan edi. Uchinchi ming yillikda bu qarash yangicha ahamiyat kasb eta boshladi. So‘nggi vaqtlarda jamiyatda ayollarning mavqei mustahamlanib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Kuzatuvchilarning fikricha, siyosat keng tarqalayotgan kasblardan biriga aylanib qoldi. Bu kasbga bilim va tafakkurga ega, rahbarlik qobiliyati bor va o‘zini ko‘rsatish niyatida bo‘lgan ayollar ham keng jalb qilinmoqda.

Jamiyat taraqqiyoti bir yerda qotib turmaydi. Avvallari ayollar faqat uy ishlari, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak, degan fikrlar mavjud edi. Endilikda esa jamiyat ishlarida ayollarning keng ishtirokiga hech kim taajjub bilan qaramaydigan bo‘lib qoldi. Masalan, siyosatga aralashib qolgan erkakning rafiqasi ham turmush o‘rtog‘i bilan birga turli tadbirlarda ishtirok etar ekan, o‘zi bilmagan holda siyosatga kirib qoladi. Xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqli bo‘lish bilan bir qatorda siyosatda o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lishdi. Biroq, tan olish kerak, ayrim mamlakatlarda ayollarning o‘rni oshxonada, degan qarashlar ham butkul yo‘qolmagan.

Bugungi global zamonda ayollarning o‘rniga yetarlicha baho berish juda ham zarur. Chunki ayollardagi ish qobiliyati, mamlakatlarning yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Tarixda ayollarning hokimiyatda bo‘lishi bilan bog‘liq hodisalarga alohida e'tibor qaratish kerak. “Nozik jins” vakillari murakkabliklar va muammolarni hal qilishda erkaklardan qolishmagan holda harakat qilganlariga tarix guvoh.

Bundan bir oy avval hech kim 59 yoshli Tereza Meyning bosh vazir bo‘lishini hayoliga ham keltirmagan edi. Ko‘pchilik Devid Kemeronning merosxo‘ri sifatida Xazina kansleri Jorj Osbornni ko‘rardi. 23 iyunda bo‘lib o‘tgan referendum hamma narsani ostin-ustun qilib tashladi, go‘yo.

23 iyunda bo‘lib o‘tgan referenumda ko‘pchilik aholi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishini qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng bosh vazir Devid Kemeron iste'foga chiqishi borasida ma'lum qildi. Hukmron Konservativ partiya yangi rahbar izlashga kirishdi. Bu jarayon 9 sentabrga qadar davom etishi kutilayotgan edi. Ammo jarayon tezlashib ketdi. Avvaliga besh nafar nomzod ko‘rsatilgan edi. Shundan ikki nafari, ya'ni Tereza Mey va Andrea Lidsom o‘rtasida kurash borishi aytilgan edi. Kuni kecha Andrea Lidsom o‘z nomzodini qaytarib olishga qaror qildi. Shu tariqa Tereza Meyning o‘zi qoldi. 

Kuni kecha  Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron  bayonotida 13 iyul kuni iste'foga ketishini bildirdi. U o‘z so‘zida 12 iyul kuni vazirlar mahkamasining so‘nggi majlisiga raislik qilishini ta'kidlab o‘tdi. 13 iyulda bosh vazir Vakillar Palatasida chiqish qilib deputatlarning savollariga javob beradi. Shundan so‘ng Bukingem saroyiga yo‘l olib qirolichaga iste'foga chiqishi borasida murojaat qiladi. Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi London tashqarisida bo‘lib, poytaxtga 14 iyulda qaytishi aytilmoqda. Nima bo‘lganda ham 13 iyul Buyuk Britaniyada yangi bosh vazir o‘z faoliyatini bajarishga kirishadi. Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Tereza  Mey Buyuk Britaniya xukumatini boshqaradigan bo‘ldi.

Hukumat almashinuvi chorshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Olti yil Buyuk Britaniya hukumatiga rahbarlik qilgan Devid Kemeron bugun Dauning-strit ko‘chasidagi  10-raqamli binoni tark etadi. Dauning-strit ko‘chasidagi 10 deyilganda ko‘pincha Britaniya hukumati tushuniladi. XVII asrda qurilgan mazkur bino mana 111 yildirki Bosh vazirning qarorgohi bo‘lib xizmat qilmoqda. Hukmron Konservativ partiya rahbari Tereza Mey bosh vazir lavozimini egallaydi.

Britaniya qonunlariga ko‘ra, yangi bosh vazir maxfiy maktub yozishi kerak bo‘ladi. Bu maktubda, yadro hujumlari yuz bergudek bo‘lib hukumat a'zolarining hammasi halok bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladigan ishlar bayon qilinadi. Yangi bosh vazir shaxsan o‘z qo‘li bilan to‘rt nusxada yozgan maktubi konvertga solinib, muhrlanadi va yadro qalpoqchalari bo‘lmish ballistik raketalari mavjud bo‘lgan to‘rtta Trident suv osti kemalari komandirlariga yuboriladi. Bosh vazir maktubi submarinalarning jangavor postlarida ikki tomonlama muhofazalangan seyflarda saqlanadi. Maktublarning matni hech qachon oshkor qilinmaydi. Bosh vazir iste'foga ketganidan so‘ng bu maktublar yo‘q qilinadi. Taxminlarga qaraganda bosh vazir maktubida to‘rtta variant aks etadi. Ya'ni, javob zarbasi berish, javob zarbasi berishdan voz kechish, qo‘mondonlar o‘z xohishlariga ko‘ra qaror qabul qilishlari va ittifoqchi davlatlar qo‘mondonlariga o‘tish tavsiya qilinadi. 

Tereza Mey Birmingemda so‘zlagan nutqida mamlakat taraqqiyotidagi uchta muhim yo‘nalish xaqida to‘xtalib o‘tdi. U o‘z so‘zida mamlakat kelajagiga ishonch bilan qarashini, nafaqat Konservativ partiya a'zolarini, balki butun mamlakatni jipslashtirish niyatida ekanini, Buyuk Britaniya yaxshi hislatlarga ega arbobga muhtojligini ta'kidlab o‘tdi.

Tereza Mey 1956 yilning 1 oktabrida Istbornda tug‘ilgan. Oksford universitetining jug‘rofiya fakultetini tamomlagan. Angliya Banki va London boshqaruv idoralarida ishlagan. 2010 yildan beri ichki ishlar vaziri lavozimida ishlab keladi. 2010—2012 yillarda bir vaqtning o‘zida Xotin-qizlar ishlari bo‘yicha vazir lavozimida ishlagan. 1997 yildan parlamentning Vakillar palatasi a'zosi.

Kuni kecha Sky news telekanali o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, Tereza Meyni respondentlarning 62 foizi qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Eslatib o‘tamiz, muxolifatdagi leyboristlar partiyasining rahbari Jyeremi Korbinni atigi 18 foiz respondent qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga aholining 44 foizi qaytadan umumiy saylovlar o‘tkazilishi kerakligini  ta'kidlagan bo‘lsa,  47 foizi saylovlarga qarshi chiqmoqda. Tereza Mey ham muddatdan ilgari parlament saylovlari o‘tkazilishiga hojat yo‘qligini aytib keladi. Tereza Mey 23 iyun kuni Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqish borasida qarorga kelgan Buyuk Britaniya aholisining xohish-irodasini bajarishga tayyor ekanini bildirdi.

13 iyuldan boshlab Buyuk Britaniya tarixida so‘nggi 26 yil mabaynida ilk bor ayol kishi bosh vazirlik vazifasiga kirishadi. Mamlakat tarixida “temir xonim” nomi bilan hukumatni boshqargan Margaret Tetcherdan boshqa hech bir ayol hukumatni boshqarmagan edi. Mey qirolicha Yelizaveta II davridagi o‘n uchinchi bosh vazir sifatida tarixga kiradi. Qirolicha hukmronligining birinchi bosh vaziri Uinston Cherchill bo‘lgan edi.

Tereza Meyni temir xonim Margaret Tetcherga qiyoslashmoqda. Ammo uning o‘zi bu o‘xshatishlarga unchalik ham qo‘shilmaydi. Lekin bu ikki siyosatchi ayolning o‘xshash tomonlari bor. Tetcher ham (1950, 1951 yy), Mey ham (1992, 1994 yy) ikki marta parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchragan. Temir xonim bosh vazir lavozimini egallaganda 53 yoshda edi. Ungacha 20 yil parlamentda faoliyat yuritdi. Mey xonim esa 59 yoshida bosh vazir bo‘ldi. Ungacha 19 yil parlament deputati bo‘ldi. Tetcher to‘rt yil mobaynida (1975-1979) muxolifat raxbari bo‘ldi. Biroq Mey bunday tajribaga ega emas. Ammo uning olti yil Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritishi Buyuk Britaniyaning so‘nggi 100 yillik tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. Tetcher kabi Meyning xam otasi ruhoniy bo‘lgan. Ularning har ikkisi Oksford universitetini tamomlagan.  Tetcher kimyoni, Mey esa jug‘rofiyani bitirgan.

Tereza Meyning bosh vazir lavozimiga tayinlanishi barcha tomonlarning manfaatlariga xizmat qiladi. Bu xaqda bosh vazir o‘rinborsari va kansler rahbari  Jorj Osborn ma'lum qildi.

Tereza Mey Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi saflaridan chiqishiga qarshi edi. Endi esa mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi borasida muzokoralar o‘tkazishga majbur.

Mey xonimning xalqqa yaqinligi sabab uni britaniyaliklar yaxshi ko‘radi. Uning bir kamchiligi bor. U ham bo‘lsa chiroyli buyumlarni yaxshi ko‘rishidir. “Menga latta va tuflilar yoqadi, ular kareramga xalaqit bermaydi”, deydi Britaniya yangi bosh vaziri. Meyning sog‘lig‘ida muammo bor. U qandli  diabetga chalingani bois muntazam ravishda insulin olib turadi. Buning ustiga farzand ko‘ra olmasligidan aziyat chekadi.

Yangi hukumatga kimlar kiradi? Tahlilchilarning fikricha, tashqi ishlar vaziri Filip Xammond mavqe jihatidan hukumatda ikkinchi o‘rinda turuvchi moliya vaziri lavozimini egallaydi. Ichki ishlar vaziri etib Mehnat va pensiya ishlari vaziri Stiven Krabb yoki mudofaa vaziri Maykl Fellon tayinlanishi kutilmoqda.

Kuni kecha xalq Mey xonimni yana yaxshi ko‘rib qoldi. Ma'lumki, hukumat qarorgohida Lari laqabli mushuk bor bo‘lib, sichqon tutish bilan shug‘ullanadi. Yangi bosh vazir bundan keyin ham qarorgohda Larri qolib, sichqon tutish vazifasini davom ettiraverishini aytdi. Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan mulohazalarga qaraganda, mushukka ham ozor bermaydigan bosh vazir britaniyaliklarni xafa qilmaydi. 

XX—XXI asrlarda hukmronlik qilgan ayollar

Viktoriya (1819 -1901) — Buyuk Boritaniya qirolichasi (1837-1901).

Yevgeniya de Montixo (1826—1920) — Fransiya imperatritsa-konsorti va  regenti.

Izabella II (1830-1904) — Ispaniya qirolichasi (1833—1868).

Tsisi (1835- 1908) — Xitoy hukmdori (1861-1908).

Liliuokalani (1838—1917) — Gavayi merosxo‘r qirolichasi (1891-893), yozuvchi, Gavayining “Aloxa Oe” madhiyasi muallifi.

Olga Konstantinovna (1851-1926) — Gretsiya qirolicha-konsorti va regenti.

Laura Tereza I (1856-1916) —Araukaniya va Patagoniya qirolichasi.

Mariya Kristina Avstriyskaya (1858-1929) — Ispaniya qirolicha-konsorti va regenti.

Ranavaluna III (1861-1917) — Imerin qirolichasi.

Lun'yuy (1868—1913) — Tsin sulolasi regenti.

Mariya Adelaida (1894—1924) — Lyuksemburg buyuk gersoginyasi (1912—1919).

Zauditu (1876-1930) — Efiopiya hukmdori (1916-1930).

Sharlotta (1896—1985) — Lyuksemburg buyuk gersoginiyasi (1919-1940)

Marianjyela (1897-1934) — Tavolar qirolichasi.

Salote Tupou III (1900—1965) — Tonga  qirolichasi ( 1918).

Vilgelmina (1880—1962) — Niderlandiya qirolichasi (1890-1948)

Xertek Amirbitovna Anchimaa-Toka — Tuva Xalq Respublikasi Kichik Xurali raisi (1940—1944).

Yuliana (1909—2004) — Niderlandiya qirolichasi  (1948-1980).

Yelizaveta II ( 1926 yilda tug‘ilgan) — Buyuk Britaniya qirolichasi (1952 yilning  6 fevralidan).

Sirimavo Bandaranaike (1916-2000) — Tseylon (Shri-Lanki) bosh vaziri (1960—1965, 1970—1977 va 1994—2000) dunyoning birinchi ayol bosh vaziri.

Indira Gandi (1917-1984) — Hindiston bosh vaziri (1966-1977 va 1980—1984).

Sun Tsinlin (1892-1981) — Xitoy Xalq Respublikasi Raisi vazifasini bajuruvchi (1968-1972).

Golda Meir (1898-1978) — Isroil Bosh vaziri (1969—1974).

Margrete II (1940 yilda tug‘ilgan) —1972 yil 15 yanvardan Daniya qirolichasi.    

Mariya Estela Martines de Peron (1931 yilda tug‘ilgan) — Argentina  prezidenti (1974-1976) jahoning ayol birinchi prezidenti.

Domiten, Elizabet (1925—2005) — Markaziy Afrika Respublikasi bosh vaziri (1975—1976)

Margaret Tetcher (1925-2013) — Buyuk Britaniya bosh vaziri (1979—1990).

Mariya di Lurdesh Pintasilgu — Portugaliya bosh vaziri  (1979)

Lidiya Geyler Texada — Boliviya prezidenti vazifasini bajaruvchi  (1979—1980)

Beatriks (1938 yilda tug‘ilgan) — Niderlandiya qirolichasi. 1980 yil 30 apreldan.

Vigdis Finnbogadottir (1930 yilda tug‘ilgan ) — Islandiya prezidenti (1980—1992).

Meri Yujiniya Charlz (1919-2005) — Dominikan bosh vaziri  (1980—1995)

Gru Xarlem Brundtland (1939 yilda tug‘ilgan ) — Norvegiya bosh vaziri (1981, 1986—1989 va 1990—1996).

Minita Gordon — Beliz general-gubernatori  (1981—1993)

Agata Barbara (1923-2002) — Malta prezidenti (1982—1987).

Milka Planints (1924—2010) — Yugoslaviya bosh vaziri (1982—1986)

Janna Matilda Sove (1922—1993) — Kanada general-gubernatori (1984-1990).

Karmen Pereyra (1937 yilda tug‘ilgan) — Gvineya-Bisau Muvaqqat prezidenti (1984)

Korason Akino (1933-2009) — Filippin prezidenti (1986-1992).

Benazir Bxutto (1953-2007) — Pokiston Bosh vaziri (1988-1990 va 1993—1996).

Ketrin Anna Tizard-Maklin (1931 yilda tug‘ilgan) — Yangi Zelandiya general-gubernatori (1990—1996).

Nita Berrou — Barbados general-gubernatori (1990—1995)

Te Atairangikaaxu (1931—2008) — Maori qirolichasi.

Sabina Bergman-Pol ( 1946 yilda tug‘ulgan) — GDR Davlat Kengashi raisi (1990).

Prunskene, Kazimira Danute (1943 yilda tug‘ilgan) — Litva bosh vaziri (1990—1991)

Erta Paskual Truyo — Gaiti Prezidenti (1990—1991)

Violetta Torres de Chamorro (1929 yilda tug‘ilgan) — Nikaragua prezidenti (1990—1997).

Meri Robinson (1944 yilda tug‘ilgan) — Irlandiya prezidenti (1990—1997).

Xolida Ziyo Rahmon (1945 yilda tug‘ilgan) — Bangladesh bosh vaziri (1991-1996 va 2001—2006).

Edit Kresson (1934 yilda tug‘ilgan ) — Fransiya bosh vaziri (1991-1992)

Xanna Suxotskaya (1946 yilda tug‘ilgan) — Polsha bosh vaziri (1992—1993)

Kempbell, Kim (1947 yilda tug‘ilgan) — Kanada bosh vaziri (1993 yilning iyun –noyabr oylarida).

Agata Uvilingiyimana (1953—1994) — Ruanda bosh vaziri (1993—1994).

Silviya Kinigi — Burundi bosh vaziri (1993—1994)

Chiller, Tansu (1947 yilda tug‘ilgan) —Turkiya bosh vaziri

Chandrika Kumaratunge (1945 yilda tug‘ilgan ) — Shri-Lanka prezidenti (1994—2005).

Klodett Verle ( 1946 yilda tug‘ulgan) — Gaiti bosh vaziri  (1995—1996)

Xasina Avami Vazed (1947 yilda tug‘ilgan) — Bangladesh bosh vaziri (1996—2001 va 2009 yilning  6 yanvaridan hozirga qadar).

Jagan, Janet (1920—2009) — Gayana Prezidenti (1997—1999)

Jyenni Shipli ( 1952 yilda tug‘ilgan) — Yangi Zelandiya bosh vaziri (1997—1999).

Meri Makelis ( 1951 yilda tug‘ilgan) — Irlandiya prezidenti (1997—2011)

Perlett Luizi (1947 yilda tug‘ilgan) — Sent-Lyusiya prezidenti (1997 yildan)

Rut Dreyfus (1940 yilda tug‘ilgan) — Shveytsariya federal prezidenti (1999—2000).

Mireyya Moskoso (1946 yilda tug‘ilgan) — Panama  prezidenti (1999—2004).

Adriyen Klarkson (1939 yilda tug‘ilgan) — Kanada general-gubernatori (1999—2005).

Xelen Elizabet Klark (1950 yilda tug‘ilgan) — Yangi Zelandiya bosh vaziri (1999—2008).

Vayra Vike-Freyberga (1937 yilda tug‘ilgan ) — Latviya prezidenti (1999—2007).

Tarya Xalonen (1943 yilda tug‘ilgan) — Finlyandiya prezident (2000-2012)

Gloriya Makapagal Arroyo (1947 yilda tug‘ilgan) — Filippin prezidenti (2001—2010)

Megavati Sukarnoputri (1947 yilda tug‘ilgan) — Indoneziya prezidenti (2001—2004).

Silviya Kartrayt (1943 yilda tug‘ilgan) — Yangi Zelandiya general-gubernatori (2001—2006).

Ayvi Dyumont — Bagam orollari general-gubernatori (2001—2005)

Mame Madior Boyye —Senegal bosh vaziri  (2001—2002)

Natasha Mitich (1965 yilda tug‘ilgan) — Serbiya prezidenti vazifasini bajaruvchi  (2002—2004).

Chan San — Janubiy Koreya bosh vaziri (2002)

Mariya dash Nevesh — San-Tome va Prinsipi bosh vaziri (2002-2004)

Monika Deykon — Sent-Vinsenta va Grenadin general-gubernatori vazifasini bajaruvchi (2002)

Beatris Merino — Peru bosh vaziri  (2003)

Anneli Yaatteenmyaki (1955 yilda tug‘ilgan) — Finlyandiya bosh vaziri  (2003)

Valeriya Chavatta (1959 yilda tug‘ilgan) — San-Marino kapitan-regenti (2003-2004 va 2014)

Luiza Dmogu (1958 yilda tug‘ilgan) — Mozambik bosh vaziri  (2004—2010)

Radmila Shekerinskaya (1972 yilda tug‘ilgan) — Makedoniya bosh vaziri (2004)

Mikael Jan (1957 yilda tug‘ilgan) — Kanada general-gubernatori (2005—2010).

Angela Merkel (1954 yilda tug‘ilgan) — Germaniya kansleri  2005 yil 22 noyabrdan.

Yuliya Timoshenko (1960 yilda tug‘ilgan) — Ukraina bosh vaziri (2005 yil 4 fevral- 2005 yil 8 sentabr, 2007 yil  18 dekabr — 2010 yil 3 mart).

Mariya du Karmu Silveyra — San-Tome va Prinsipi bosh vaziri (2005—2006)

Elen Jonson-Serlif (1936 yilda tug‘ilgan ) — Liberiya prezidenti 2006 yil 16 yanvardan.

Mishel Bachelet (1951 yilda tug‘ilgan) — Chili prezidenti (2006—2010 va  2014 yil 11 martdan)

Porshiya Simpson-Miller (1945 yilda tug‘ilgan) — 2012 yil  5 yanvaridan  Yamayka bosh vaziri (2006—2007).

Xan Mun Suk — Janubiy Koreya bosh vaziri (2006—2007)

Mishlin Kalmi-Rey (1945 yilda tug‘ilgan) — Shveytsariya federal prezident (2007—2008).

Pratibxa Patil (1934 yilda tug‘ilgan) — Xindiston prezidenti 2007 yil 19 iyuldan 2012 yil 25 iyulga qadar.

Kirshner, Kristina (1953 yilda tug‘ilgan) — Argentina prezidenti 2007 yil 10 dekabri va 2012 yilning  5 yanvaridan beri.

Luiza Leyk-Tek (1944 yilda tug‘ilgan) — Antigua va Barbuda general-gubernatori (2007yildan )

Zinaida Grechanaya (1956 yilda tug‘ilgan) — Moldaviya bosh vaziri (2008—2009).

Mishel Per-Lui (1947 yilda tug‘ilgan) — Gaiti bosh vaziri (2008—2009)

Kventin Luiza Bryus (1942 yilda tug‘ilgan) — Avstraliya general-gubernatori 2008 yil 5 sentabrdan.

Antonella Mularoni (1961 yilda tug‘ilgan) — San-Marino hukumat raisi (2008yildan beri).

Yoxanna Sigurdardottir (1942 yilda tug‘ilgan) — Islandiya bosh vaziri (2009—2013).

Yadranka Kosor (1953 yilda tug‘ilgan) — Xorvatiya bosh vaziri (2009—2011).

Dalya Gribauskayte (1956 yilda tug‘ilgan) — Litva prezidenti 2009 yil  12 iyuldan.

Doris Loytxard (1963 yilda tug‘ilgan) — Shveytsariya prezidenti (2010)

Otunbayeva Roza — Qirg‘iziston Muvaqqat hukumat rahbari va prezidenti (2010—2011).

Chinchilya, Laura (1959 yil tug‘ilgan) — Kosta-Rika prezidenti  2010 yil  8 maydan.

Radichova Iveta (1956 yilda tug‘ilgan) — Slovakiya bosh vaziri (2010—2012).

Gillard Juliya (1961 yilda tug‘ilgan) — Avstraliya bosh vaziri  2010 yil 24 iyundan 2013 yil 27 iyungacha.

Rusef Dilma (1947 yilda tug‘ilgan) — Braziliya prezidenti 2011 yil 1 yanvardan.

Mariya Luiza Berti (1971 yilda tug‘ilgan) — San-Marino kapitan-regenti (2011)

Atifete Yaxyaga — Kosovo prezidenti 2011 yil  7 apreldan.

Torning-Shmitt Xelle — Daniya bosh vaziri  2011 yil  3 oktabrdan.

Chinnavat Yinglak (1967 yilda tug‘ilgan) — Tailand bosh vaziri 2011 yil  5 avgustdan 2014 yil  7 mayga qadar.

Eveline Vidmer-Shlumpf — Shveytsariya prezidenti (2012).

Banda, Djoys (1950 yilda tug‘ilgan) — Malavi prezidenti 2012 yil 7 apreldan.

Pak Kin Xe (1952 yilda tug‘ilgan) — Koreya Respublikasi prezidenti 2013 yil  25 fevraldan.

Bratushek Alenka (1970 yilda tug‘ilgan) — Sloveniya bosh vaziri  (2013 — 2014).

Antonella Mularoni (1961 yilda tug‘ilgan) — San-Marino kapitan-regenti (2013 yil 1 aprel - 1 oktabr).

Anna Mariya Muchcholi (1964 yilda tug‘ilgan ) — San-Marino kapitan regenti (2013 yil  1 oktabr-2014 yil  1 aprel).

Aminatu Ture (1962 yilda tug‘ilgan) — Senegal bosh vaziri 2013 yil 1 sentabrdan.

Erna Solberg (1961 yilda tug‘ilgan ) — 2013 yil 16 oktabrdan Norvegiya Davlat vaziri.

Simonetta Sommaruga (1960 yilda tug‘ilgan) — Shveytsariya vitse-prezidenti (2014).

Katrin Samba-Panza (1954 yilda tug‘ilgan) — Markaziy Afrika Respublikasi prezidenti  2014 yil  20 yanvardan beri.

Laymdota Strauyuma (1951 yilda tug‘ilgan) — Latviya bosh vaziri  2014 yil 22 yanvardan beri.

Mari-Luiz Koleyro Preka (1958 yilda tug‘ilgan) — Malta prezidenti 2014 yil  4 apreldan beri.

Florens Dyuperval Jilom — Gaiti bosh vaziri 2014 yil 21 dekabrdan .

Kolinda Grabar-Kitarovich — Xorvatiya prezidenti  2015 yil 15 fevraldan.

Sharofiddin To‘laganov