Toshkent shahridagi Inha universiteti kirish imtihonlariga 1432 nafar abituriyent qatnashdi
2016 yilning 29 iyul kuni Toshkent shahridagi Inha universitetiga(IUT) 2016-2017-o‘quv yili uchun kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihonlarda 1,4 mingdan ortiq abituriyentlar ishtirok etishdi. Bu haqda Universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.
IUTga hujjatlarni qabul qilish 2016 yilning 2 mayidan 14 iyuliga qadar davom etdi. Abituriyentlar hujjatlarini onlayn rejimida yoki universitet binosiga kelib topshirishlari mumkin edi.
Mazkur vaqt oralig‘ida IUTga 1432 nafar abituriyentlar o‘z hujjatlarini topshirdi, bu esa o‘tgan yilga nisbanat 1,8 marotaba ko‘p. Ularning 940 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirishgan bo‘lsa, 492 nafar abituriyentlar esa «Logistika» yo‘nalishini tanlashdi.
2016-2017-o‘quv yilida IUT 330 nafar talabani qabul qilishni rejalashtirgan bo‘lib, ularning 250 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishiga hamda 80 nafari «Logistika» yo‘nalishiga qabul qilinadi.
Shularni inobatga olgan holda «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishida bir o‘ringa 3,76 nafar abituriyent hamda «Logistika» yo‘nalishida bir o‘ringa 6,15 nafar abituriyent, umumiy esa bir o‘ringa 4,3 abituriyent to‘g‘ri keldi.
O‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlarning umumiy soni atigi 800 nafarni tashkil etgan bo‘lib, talabalar uchun ajratilgan kvota 250 nafardan iborat edi. Bu esa o‘rtacha bir o‘ringa 3,2 nafar nomzod to‘g‘ri kelganligini ko‘rsatadi.
IUTga kirish imtihonlari o‘tgan 2015 yildagi kabi Toshkentdagi «O‘zko‘rgazmasavdo» AJ binosida bo‘lib o‘tdi.
Imtihonlar «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi hamda «Logistika» yo‘nalishi abituriyentlari uchun alohida-alohida o‘tkazildi. Abituriyentlar uch guruhga ajratilgan edi.
Barcha imtihon savollari Koreya Respublikasidagi Inha universiteti professorlari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, savolnomalar Koreya Respublikasidan yopiq konvertlarda keltirildi va ular bevosita imtihon olinayotgan zalda koreyalik ekspertlar tomonidan ochildi hamda abituriyentlarga tarqatildi. Imtihonlar yakunlanishi bilan abituriyentlarning javoblari o‘rin olgan barcha savolnomalarni koreyalik mutaxassislar yig‘ib olishdi va baholash uchun o‘zlari bilan Koreya Respublikasiga olib ketishdi.
Bu yil kirish imtihonlari jarayonlarini bevosita kuzatishlari uchun ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi va ular uchun to‘liq imkoniyat yaratildi. Bu esa o‘tkazilayotgan imtihonlarning shaffofligi hamda ochiqligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, istalgan odam IUT kirish imtihonlarini live.inha.uz sahifasi orqali kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilgan mazkur loyiha “East Telecom” va “Real Solutions” kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi. “East Telecom” kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun internet kanalini taqdim etgan bo‘lsa, “Real Solutions” kompaniyasi video strimingni tashkil etishda ko‘mak berdi.
IUTning Tayyorlov kursi imtihonlari natijalariga ko‘ra 45 nafar bitiruvchilar Toshkent shahridagi Inha universitetining talabalari safidan o‘rin olishdi. Ularning 32 nafari «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishiga hamda 13 nafari «Logistika» yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindilar. Shuningdek, ular grant o‘rinlarini egallash uchun kirish imtihonlarida ishtirok etish huquqiga ham ega edilar.
«Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha ta'lim olishni istagan abituriyentlar matematika va fizika fanlaridan, «Logistika» yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan abituriyentlar esa matematika fanidan imtihon topshirishdi.
Imtihon natijalari 2016 yilning 12 avgust kuni e'lon qilinadi.