Qushlarning parvoz chog‘ida uxlay olishi isbotlandi
Neyrofiziologlar qushlarning parvoz vaqtida miyani butkul o‘chirib, uxlay olishi haqidagi ma'lumotni tasdiqlashdi. Buning uchun ular deyarli hayotining barcha qismini samoda o‘tkazadigan fregatlarning miya faolligi darajasini o‘rganib chiqishdi. Bu haqida Nature Communications jurnalida ma'lumot berildi.
“Fregatlar kuniga atigi bir soat miyani butkul o‘chirib uxlashadi. Ular nima uchun bunchalik kam uxlashadi va qanday qilib hech qanday muammosiz buning uddasidan chiqishadi – bu jumboqligicha qolmoqda”, - dedi Zeyevizendagi (Germaniya) Ornitologiya institutida faoliyat olib boruvchi Nils Rattenborg.
Rattenborg va uning hamkasblari fregatlarning xatti-harakatlarini va katta fregatlar miya faoliyatini kuzatib, qushlarning qanday qilib uxlashi va kecha-yu kunduz tinimsiz samoda parvoz qilishi sirlarini ochishga muvaffaq bo‘lishdi.
Fregatlar ko‘p bo‘lgan Galapagos orollariga yo‘l olgan olimlar parvoz davomida fregatlarning miya faoliyatini kuzatishga imkon beruvchi maxsus qurilmani ishlab chiqishdi va uni qushning boshiga mustahkamlashdi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bunday “dubulg‘a”ga nafaqat elektroentsefalograf, balki GPS datchigi ham o‘rnatilgan. Bu esa ornitologlarga fregatlarning qayerda bo‘lgani va parvoz davomida nimalar qilganini aniqlashga imkon beradi.
Qushlar ortga qaytganida maqola mualliflari ularning “dubulg‘a”lari yordamida to‘plangan ma'lumotlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lishdi, ularni qiziq yangilik kutib turgandi – ma'lum bo‘lishicha, fregatlar parvoz davomida miyani butkul o‘chirib qo‘yib, uxlay olishar, bu vaqtda havo oqimi ularni tepada saqlab turar ekan.
Bunday kashfiyot olimlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi – o‘rdaklar va boshqa qushlarni kuzatish ishlari shuni ko‘rsatdiki, ular o‘ng va chap yarim sharlarini navbatma-navbat o‘chirib qo‘yib, uyqusizlikdan qochishar ekan. Shu bois olimlar “qushlar parvozda nazoratni qochirmaslik uchun miyaning bitta yarim shari ishlab turishi kerak”, deb hisoblashardi.
Fregatlar bilan olib borilgan tadqiqot bunday tasavvurni inkor qildi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, fregatlar bir kecha-kunduzda atigi bir soatgina miyani to‘liq o‘chirib, parvozda uxlashar ekan.
Qushlarning qanday qilib bunday qila olishi hozircha noma'lum. Rattenborg boshchiligidagi guruh fregatlarni kuzatishda davom etib, mazkur savolga javob izlamoqda.