Jamiyat | 21:57 / 29.09.2016
7380
2 daqiqa o‘qiladi

Klassik ingliz tilining yo‘q bo‘lib ketishi muddatlari ma'lum qilindi

York universiteti tadqiqotchilari 50 yildan keyin britan ingliz dialekti yo‘q bo‘lib ketishini, uning o‘rnini esa ingliz tilining ko‘p madaniyatli londoncha varianti egallashini prognoz qilmoqdalar. Bu haqda The Telegraph xabar bermoqda.

Ingliz tilining klassik varianti yo‘qolishi uning global tilligi, jumladan Londonda yashovchi karibliklar, g‘arbiy afrikaliklar va osiyoliklar ta'siri bilan shartlanadi. 

Olimlar tomonidan prognoz qilinayotgan o‘zgarishlar tilning grammatikasiga emas, balki fonetikasiga ta'sir qiladi. Avvalambor, th tovushi yo‘qolib, uning o‘rnini so‘zga qarab f, d yoki v tovushlari egallaydi. Buning natijasida, misol uchun thick so‘zi fick’ga aylanadi.

Shuningdek, u tovushi barcha joyda oo bilan almashadi. Misol uchun, duke so‘zi dook’ga, news so‘zi nooze’ga, beauty so‘zi booty’ga aylanadi. Fonetikaning soddalashtirilishi bir qator so‘zlarning bir xil talaffuz qilinishiga olib keladi, misol uchun wed va red, paw va pool.

Tovushlarning so‘zlardagi soni kamayadi. Ketma-ket kelgan undosh tovushlar qisqarishga uchraydi. Misol uchun, text so‘zida oxirgi t yo‘qolib, so‘z tex so‘ziga aylanadi.

Olimlar fonetikaning o‘zgarishini ingliz tilining tabiiy rivojlanishi deb hisoblamoqdalar va bu jarayonni to‘xtatib turishdan ma'no yo‘q deb ta'kidlashmoqda.