Light | 23:37 / 09.10.2016
95302
5 daqiqa o‘qiladi

Muharram oyi va Ashuro kunining fazilatlari

Foto: .alarabiya.net

Hijriy yilimizni boshlab beruvchi muharram oyining nomi lug‘atda «hurmatlanuvchi», «ulug‘lanuvchi» degan ma'nolarni anglatadi. Bu oy hijriy sananing boshi, bu oyda urushlar harom, o‘ninchi kuni Ashuro kuni bo‘lgani uchun muhtaramdir, muharramdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muharram oyidagi ro‘zani Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za deganlar, Ramazondan keyin ro‘za tutilsa, muharramda tutish afzalligini aytib, «U Shahrullohdir (Allohning oyidir). Alloh shu oyda bir qavmning tavbasini qabul qilgan, boshqa qavmlarning ham tavbasini qabul qiladi», deganlar.

Ashuro kuni

«Ashuro» so‘zi lug‘atda «o‘ninchi» degan ma'noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhurdir. Bu kun barcha ummatlar tomonidan qadimdan hurmatlab kelinadigan fazilatli kundir. Islom kirib kelgan davrda nasroniylar ham, yahudiylar ham bu kunni ulug‘lashardi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Ashuro kuni ro‘za tutganlar, sahobalariga ham ro‘za tutishni buyurganlar. Buni eshitgan ba'zi sahobalar bu kunni boshqa din vakillari ham ulug‘lashini eslatishgan, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Unday bo‘lsa, kelasi yili muharram oyining faqat o‘ninchi kunida emas, to‘qqizinchi kunida ham ro‘za tutamiz», dedilar. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutadilar.

Ashuro kunining ro‘zasi nihoyatda fazilatli nafl ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan yilning gunohlariga kafforot bo‘ladi», deganlar.

Ashuro kunining yana bir ajoyib fazilati, xislati bor. Mo‘min-musulmonlar bu kunlari ro‘zg‘orni but qilib qo‘yishlari sunnatdir.

Oila a'zolari uchun odatdagidan keng-mo‘l sarf-xarajat qilsa, Alloh taolo bu kunning hurmatidan unga yil bo‘yi kenglik qilib beradi.

Imom Tobaroniy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi», deganlar.

Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro deb nomlanishi haqida alloma Qozi Iyoz rahmatullohi alayh o‘zlarining «Mashoriqul anvor» asarlarida bayon qilib, johiliyat kishilarining tilida «fo'ulo» vazni ishlatilmagan, deydilar. Binobarin, bu kunning Ashuro deb nomlanishi Islom dini bilan bog‘liqdir.

Ashuro kunida insoniyat tarixidagi juda ko‘p muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida  manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Tanbihul g‘ofilin» nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: «Ashuro kuni Odam alayhissalomning tavbalari qabul qilingan, Nuh alayhissalom kemadan tushib, buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir'avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutgan kundir. Sen ham o‘sha kuni ro‘za tutishga qodir bo‘lsang, albatta tutgin».

Demak, inson biror ulug‘ ne'matga musharraf bo‘lsa, buning shukronasiga hech bo‘lmasa bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar. Sahobalar buning sababini so‘raganlarida: «Men shu kunda tug‘ilganman, shu kuni payg‘ambar bo‘lganman», deb javob berganlar.

Kim o‘tgan yilgi gunohlardan poklanishni istasa Ashuro kunining ro‘zasini tutsin! Bu joriy yilning 11-oktabri, seshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Sunnat mukammal bo‘lishi uchun yana bir kunni yoki ikki kunni qo‘shib ro‘za tutish afzal hisoblanadi. 
Buning uchun quyidagi uch ko‘rinishning birini tanlashingiz mumkin:

1) 9-10-11 kunlari (dushanba, seshanba va chorshanba) 

2) 9-10 kunlari (dushanba va seshanba)

3) 10-11 kunlari (seshanba va chorshanba)

2016 yil 2 oktabr kuni - 1438 hijriy yil Muharram oyining 1-kuni bo‘ldi.

2016 yil 2 oktabr, yakshanba – 1-muharram;

2016 yil 10 oktabr, dushanba – 9-muharram;

2016 yil 11 oktabr, seshanba – 10-muharram;

2016 yil 12 oktabr, chorshanba – 11-muharram;

Manba: mehrob.uz, info.islom.uz