Jamiyat | 13:34 / 02.01.2017
27777
5 daqiqa o‘qiladi

2016 yilning tibbiyot sohasidagi eng muhim hodisalari

Ma'lumki, tibbiyot bir joyda turmay, muntazam rivojlanib keladi. Kun sayin davolashning yangi texnologiyalari, yangi tashxis usullari va tibbiy gadjyetlar kashf qilinmoqda. 2016 yil tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida turli hodisalarga boy bo‘ldi. Hi-News ularning eng asosiylarini yodga soldi. 

1. Asos hujayralar

Asos hujayralar butun dunyo olimlari tadqiqotlarining obektlari va muhokama mavzulariga aylanganiga ancha bo‘ldi. 2016 yil ham xuddi shunday kechdi. Mazkur sohada ko‘p izlanishlar olib borildi. Hattoki sun'iy asos  hujayralarini yaratishga muvaffaq bo‘lindi. Asos  hujayralaridan foydalanishning eng samarali usullaridan biri ular yordamida davolash hisoblanadi. 2016 yilning boshida olimlar birinchi marta shol bo‘lgan kishilarni oyoqqa turg‘izishga muvaffaq bo‘lishdi. Tajriba Stenford universiteti bazasida bo‘lib o‘tdi, unda 33 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan 18 nafar kishi ishtirok etdi. Ularning barchasi tajribadan ancha avval falajga yo‘liqqan bo‘lgan. Tadqiqot davomida shifokorlar miyaning shikastlangan qismiga asos hujayralar inʼeksiyasini yuborishdi. Ilk oydanoq bemorlarda ijobiy tomonga o‘zgarish sezildi, ya'ni ularning sezuvchanligi va harakatlanish faolligi yaxshilandi. Yil oxiriga borib, tadqiqotning ba'zi ishtirokchilari allaqachon yo‘qotgan funksiyalarini qayta tiklab, oyoqqa turishga muvaffaq bo‘lishdi. 

2. Diabet bilan kurashish

Diabetni nazorat qilish mumkin bo‘lsa-da, uning hanuz davosi yo‘q. Olimlar 2016 yilda oshqozon osti bezini cho‘chqalardan ko‘chirib o‘tkazishni taklif qilishdi, qondagi qand miqdorini nazorat qiluvchi maxsus plastir ishlab chiqishdi va hatto bionik oshqozon osti bezini qo‘llash bo‘yicha sinovlar seriyasini muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. 

Biroq eng ahamiyatga molik hodisa - qand miqdori darajasini nazorat qilishga yordam beruvchi sun'iy hujayralarning yaratilishi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu hujayralar maxsus kapsulaga solingan va ular qondagi qand miqdorining o‘zgarishiga javoban insulin ishlab chiqara oladi. Bu usul hozircha faqat kemiruvchilarda sinab ko‘rildi, lekin 2017 yilda uni insonlarda sinab ko‘rish  rejalashtirilmoqda. 

3. Saratonni davolashning yangi usuli

Saratonni davolashga doir tadqiqotlar muntazam o‘tkaziladi. Eng "texnologik" usullardan biri grafendan foydalanish usulidir, biroq hozir gap bu haqida bormaydi. Davolashning yangi usuli tufayli shifokorlar leykemiyaga uchragan 90 foiz bemorlarda remissiyaga erishishdi. Tadqiqot davomida leykotsitlar bemorlarning qonidan olinib, o‘ziga xos tarzda modifikatsiya qilindi va keyin qon oqimiga qaytarildi. Tajribada ishtirok etayotgan bemorlarning 10 foizida organizm bunday jarayonni qabul qila olmadi, biroq aksariyat bemorlarda kasallikning remissiya (Remíssiya - kasallik belgilarining kamayishi yoki yo‘qolishi) bosqichiga o‘tish kuzatildi. 

4. Sun'iy teri

Shubhasiz, transplantologiya — sun'iy organlar yaratish jarayonlarining imkon qadar tezroq rivojlanishi muhim bo‘lgan sohalardan biri. 2016 yilda sun'iy organlar, mushaklar va hatto asab hujayralarini yaratish bo‘yicha bir qator izlanishlar olib borildi, biroq ularning barchasida bir kamchilik mavjud: ular judda qimmat baholanadi, bu esa kundalik tajribada ularni qo‘llashga to‘sqinlik qiladi. Chililik olimlar suv o‘tlari asosida arzon,  shu bilan birga organizm tomonidan rad etilmaydigan sun'iy terini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi. 2017 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tajribalar seriyasi muvaffaqiyatli yakun topsa, bu kosmetologiya va qayta tiklovchi tibbiyotda yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi. 

5. Autofagiya mexanizmi kashfiyoti uchun Nobel mukofoti

Ilm dunyosining eng yorqin hodisalaridan birini chetlab o‘tib bo‘lmaydi, albatta. 2016 yilda Tokio texnologiya universiteti professori janob Yosinori Osumi autofagiya ("o‘z-o‘zini yeyish") mexanizmi kashfiyoti uchun fiziologiya va tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Osumi shikastlangan hujayra komponentlarini olib tashlash va yo‘q qilish jarayoniga ta'rif berdi. Ushbu kashfiyot tufayli turmush sifatini sezilarli darajada yaxshilash, "organizmni ichkaridan tozalash" va yoshartirish mumkin bo‘ladi. Natijada hayot davomiyligi ancha uzayadi.

Mavzuga oid