Jahon | 17:05 / 11.01.2017
4714
4 daqiqa o‘qiladi

Barak Obama iqlim o‘zgarishlari bilan kurashishga qaror qildimi?

Foto: Reuters

AQShning tarixga aylanayotgan prezidenti Barak Obama nufuzli Science jurnalida o‘zining yana bir ilmiy maqolasini taqdim etdi. Maqolada Amerikaga  iqtisodiyotga ziyon yetkazmagan holda iqlim o‘zgarishlari bilan kurashishga yordam beruvchi usullar haqida gap boradi. 

2016 yilning iyulida Barak Obama o‘z prezidentlik davrida ilmiy jurnalda ilmiy maqola taqdim etgan birinchi prezident bo‘ldi. Uning JAMA jurnalidagi maqolasida Obamaning prezidentlik davridagi loyihalaridan biri bo‘lgan ACA'ning sog‘liqni saqlash islohotlaridagi ijobiy va salbiy tomonlari qayd etilgandi. Maqola ko‘plab olimlar, matbuot va aholining e'tiborini jalb qildi va Altimetrics versiyasi bo‘yicha "2016 yilning eng ko‘p muhokama qilingan ilmiy maqolasi" sifatida qayd etildi. 

AQShning 44-prezidenti o‘z ilmiy izlanishlarida davom etishga qaror qildi. Bu safar u Science jurnalida iqlim o‘zgarishi bilan kurashda eng asosiy muammolardan biri - iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvi va ishchi o‘rinlarining yo‘qolishini qanday chetlab o‘tish mumkinligi haqidagi fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi. 

Obamaning ta'kidlashicha, global isish bilan kurashda barcha choralar, shu jumladan, Parij kelishuvining bekor qilinishi (Donald Tramp bir necha marta shu haqida so‘z yuritgan) Yer yuzidagi o‘rtacha harorat kelasi asr boshiga borib, Tselsiy bo‘yicha 4 darajaga ko‘tarilishiga olib keladi. Bu global iqlim halokatiga sabab bo‘ladi. 

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, issiqxona gazlari chiqindilarining keskin qisqarishiga qaramay, AQSh iqtisodiyoti 2008 yildan buyon o‘sishda davom etmoqda. 

Manbaga ko‘ra, energetika sohasidagi SO2 chiqindilari 9,5 foizga qisqargan bir vaqtda iqtisodiyot ko‘rsatkichlari 10 foizdan ko‘proq oshgan. Shunday ekan, ham yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari, ham iqlim o‘zgarishlari bilan kurashni o‘zida uyg‘unlashtirgan iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish mumkin. 

Obamaning fikricha, bunda asosiy e'tibor chiqindilarni kamaytirish va ishlab chiqarishning energosamaradorligini yaqin yillarda 20-30 foizga oshirish rejalarini ishlab chiqishga ulgurgan xususiy kompaniyalarga qaratiladi. Bu ularga nafaqat iqlim o‘zgarishlari bilan kurashishda, balki yoqilg‘i, elektr energiyasi va boshqa energiya manbalari xarajatlarini kamaytirishda yordam beradi. 

Buni inkor etish va eski ekologik normalarga qaytish, Obamaning fikricha, dunyoni taxminan 4 foiz YaIMdan mahrum qiladi. Buning natijasida AQSh har yili 340-700 milliard dollar, ikki millionga yaqin ishchi o‘rin va shu sohadagi texnologik yetakchilikni yo‘qotadi. Shu bois Obama Tramp va uning jamoasini Parij kelishuvidan voz kechmaslik va iqlim o‘zgarishlari bilan kurash chora-tadbirlarini bekor qilmaslikka chaqirmoqda. 

Mavzuga oid