Jahon | 19:29 / 07.03.2017
9494
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo-davlatlar hukumat rahbarlari 10ta hujjatni imzolashdi

Foto: RIA "Novosti"

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar hukumat rahbarlari Bishkekda Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha o‘nta hujjatni imzolashdi. Ular integratsiya birlashishi doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Yig‘ilish Bishkek shahri yaqinidagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida o‘tkazilgan. Unda Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston bosh vazirlari Dmitriy Medvedev, Bakitjon Sagintayev, Andrey Kobyakov, Karen Karapetyan, So‘ronboy Jyenbekov va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi kollegiyasi raisi Tigran Sarkisyan ishtirok etdi.

Xususan, besh davlat hukumat rahbarlari “Antikontrafakt” xalqaro forumini o‘tkazishga kelishib olishdi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida integratsiya istiqboliga ega bo‘lgan iqtisodiyot sohalari va uni ishlatishga yo‘naltirilgan choralar aniqlandi.

Shuningdek YeOIIga a'zo-davlatlar o‘rtasida 2015-2016 yillar bo‘yicha o‘zaro savdo holati haqidagi, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining 2025 yilgacha raqamli kun tartibini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarning borishi, agrosanoat majmuasi rivojlanishining birgalikdagi prognozlari, YeOII a'zolarining asosiy qishloq xo‘jalik mahsulotlari bo‘yicha taklif va talablariga oid hujjatlarga imzo chekildi.

Bundan tashqari, hukumatlararo kengashda Ittifoq davlatlarida uchinchi mamlakatlarda ishlab chiqariluvchi mashinalar va qishloq xo‘jaligi uskunalariga mo‘ljallangan o‘xshash ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni tashkil etish, uchinchi davlat bozorlariga qishloq xo‘jaligi mashinalari va uskunalari eksportini rivojlantirish bo‘yicha choralar haqidagi hujjatlar ko‘rib chiqildi va ma'qullandi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi – Bojxona ittifoqi va Yagona iqtisodiy hudud asosida tashkil etilgan xalqaro iqtisodiy integratsiya birlashmasi bo‘lib, 2015 yilning 1 yanvaridan o‘z faoliyatini olib boradi. Ayni damda YeOIIga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a'zo sanaladi.

Mavzuga oid