Iqtisodiyot | 19:57 / 21.04.2017
15353
2 daqiqa o‘qiladi

Harakatlar strategiyasi doirasida Iqtisodiyot yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar hisoboti

Bugun poytaxtda bo‘lib o‘tgan "Harakatlar sarhisobi: 2017 yil 1-chorak yakunlari" anjumanida bir qator vazirlik va idoralar vakillari shu kunga qadar o‘z yo‘nalishlarida Strategiya bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berishdi. Jumladan, Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirilgani ma'lum qilindi:

  • Temir yo‘l sohasida yuqori tezlikdagi "Talgo-250" rusumli yo‘lovchi poyezdini sotib olish, temir yo‘l liniyalarini qurish, ta'mirlash, elektrlashtirish hamda vagonlar tarkibini yangilash kabi 6 ta loyiha doirasida 107,7 million dollar mablag‘ o‘zlashtirildi;
  • Tayyor charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha umumiy qiymati 12,7 million dollar bo‘lgan 10 ta loyiha amalga oshirildi;
  • To‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga 32 million dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qilish hisobiga 3 ta yangi va modernizatsiya qilingan zamonaviy yengil sanoat korxonalari ishga tushirildi;
  • Avtomobil yo‘llari holatini yaxshilash va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari doirasida 102 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. 1130,4 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari, qishloq hamda ovullar ko‘chalari to‘liq va joriy ta'minlandi;
  • Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 1800 kilometrdan ortiq kollektor-drenaj tarmoqlari hamda 15 dona gidrotexnika inshootlari rekonstruksiya qilindi;
  • Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, meva-sabzavot, kartoshka va uzum ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, ichki bozorda ularga bo‘lgan narxlar keskin oshishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida:

- barcha toifadagi xo‘jaliklarning asosiy maydonlariga 106,5 ming gektar sabzavot, 64,9 ming gektar kartoshka va 9,4 ming gektar poliz ekinlari ekildi;

- fermer, dehqon xo‘jaliklari va tadbirkorlar tomonidan 89 gektar maydonda issiqxonalar, 14,1 tonna hajmli muzlatkich-omborxonalar hamda 28,8 mingta xonadonlarda 287 gektar issiqxonalar tashkil etildi.

Mavzuga oid