O‘zbekiston | 19:27 / 25.04.2017
11511
6 daqiqa o‘qiladi

“Bir hudud, bir yo‘l”: qishloq xo‘jaligi bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi

Joriy yilning 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi va XXR o‘rtasida qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha Pekin va Urumchi shaharlarida uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar dastlab XXRning Konfutsiy nomidagi institutda bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Toshkent Davlat agrar universiteti rektori B.Sulaymonov va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining tashqi aloqalar va investitsiyalar jalb qilish sho‘'ba mudiri M.Murtalibov, Xitoy tomonidan  Konfutsiy nomidagi institut Bosh direktorining o‘rinbosari Jiang Vey, Konfutsiy nomidagi institutning tashqi aloqalar departamentining ikki nafar vakili va Shinjon agrar universiteti rektori Jian Ping An ishtirok etdi. Ushbu uchrashuvda Toshkent Davlat agrar universiteti qoshida Konfutsiy nomidagi institut tashkil topilishi muhokama qilindi. Ushbu institutning tashkil etishdan asosiy maqsad - talabalarni xitoy tiliga o‘qitish, iqtidorli talabalarni Xitoyga o‘qishga yuborish, qishloq xo‘jaligida faoliyat olib borayotgan kadrlar malakasini oshirish, o‘qituvchi va professorlar almashuvini yo‘lga qo‘yish, Xitoyning zamonaviy qishloq xo‘jaligidagi texnologiyalarni o‘rganish va O‘zbekistonda tadbiq etishdan iboratdir.

Natijada, tomonlar ikki mamlakatdagi tartib, tegishli qonun va me'yoriy hujjatlarga rioya qilingan va kelishilgan holda ushbu institutni Toshkent davlat agrar universiteti qoshida tashkil etishga kelishishdi.

Tashrifning ikkinchi kunida Xitoy qishloq xo‘jaligi akademiyasining prezidenti Xuang Tuajang bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda XXR qishloq xo‘jaligi Akademiyasning  xalqaro aloqalar departamenti direktori Fen Doksin va shu departamentning  ikki tomonlama hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Syuy Min hamda Akademiya tizimidagi turli ilmiy-tadqiqot institutlar direktor va o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Uchrashuv jarayonida tomonlar sholichilik, paxtachilik va o‘simliklarni himoya qilish kabi masalalar bo‘yicha hamkorlikni o‘rnatish va jadallashtirishga qiziqish bildirishdi. Jumladan, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev tomonidan sholichilik yo‘nalishida Xitoy tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda joriy etish hamda ushbu masala yuzasidan hamkorlikda ishlar olib borish va kerak bo‘lsa ikki mamlakat sholichilik ilmiy-tadqiqot institutlari tegishli shartnoma imzolashi yoki banklar ishtirokida qo‘shma korxona tuzilishi taklifi berildi. Xitoy tomoni ushbu taklifga qiziqish bildirdi va ushbu masala yuzasidan tizimdagi tegishli tashkilotlarga topshiriq berib, o‘z fikr va mulohazalari yuzasidan tez orada O‘zbekiston tarafiga xabar berishligini aytib o‘tdi.

O‘tkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Xitoy qishloq xo‘jaligi Akademiyasi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish yuzasidan Memorandum imzolanishiga kelishildi va o‘z navbatida, Xitoy tomoni ushbu hujjat loyihasini O‘zbekiston tomoniga yaqin kunlarda yuborishini ta'kidlab o‘tdi.

20 aprel kuni O‘zbekiston vakillarining qiziqishiga va Xitoy tomonini taklifiga ko‘ra, delagatsiya a'zolari Urumchi shahrida joylashgan qishloq xo‘jaligi aviatsiyasi bilan shug‘illanayotgan va bu borada turli xil uchuvchisiz uchadigan uskunalar (dron) yaratib va qishloq xo‘jaligida muvaffaqqiyatli ishlatib kelayotgan kompaniyaga tashrif buyurishdi. Kompaniya tomonidan yaratilgan uskunalarni ishlatganda moy va yoqilg‘i manbalari tejalishi, noqulay ob-havo sharoitida ko‘llanilishi, noqulay joylarga ishlov berilish imkoniyati va masofadan dala nazorati o‘rnatish kabi xususiyatlar aytib o‘tildi. Xitoy tarafi ushbu uskunalarni O‘zbekistonda ishlab chiqilishini yo‘lga qo‘yilishi mamlakat qishloq xo‘jaligiga yanada samara qo‘shishini ta'kidlab o‘tdi.

21 aprelda Shinjon qishloq xo‘jaligi akademiyasida yana bir uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar paxtachilik va o‘simliklarni himoya qilish, bog‘dorchilik va sabzavotchilik kabi masalalar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirishdi. Tashrif jarayonida delegatsiya a'zolari o‘simliklarni himoya qilish, fermerlar yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini va tarkibini o‘rganadigan laboratoriya ishlari bilan tanishishdi.

Muzokaralar mobaynida kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hamkorlikdagi loyihalar “bir hudud, bir yo‘l” tashabussi va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti dasturlari doirasida amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligi Xitoy tomonidan ta'kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, hamkorlikni aniq yo‘nalishlarini belgilash maqsadida tomonlar olimlari va vakillarni o‘zaro tashrifini yo‘lga qo‘yilishi dolzarb va muhimligi ham ko‘rstatib o‘tdi. 

Muzokaralar yakuni bo‘yicha Toshkent Davlat agrar universiteti va Shinjon qishloq xo‘jaligi akademiyasi hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi va Shinjon qishloq xo‘jaligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumlari imzolandi. 

Mavzuga oid