Fan-texnika | 07:55 / 13.05.2017
7842
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Dunyo bo‘ylab amalga oshirilgan kiberhujumlarda AQSh maxsus xizmati dasturlaridan foydalanilgan

Foto: Reuters

Xakerlar Buyuk Britaniya shifoxonalari va boshqa davlatlardagi muassasalar kompyuterlarini WCry "tovlamachi-virus" bilan zararlashda AQSh Milliy xavfsizlik agentligining (MXA) modifikatsiyalangan dasturidan foydalanishgan, deb yozmoqda xabardor manbalarga iqtibos keltirgan holda Financial Times axborot agentligi. 

Nashr manbalarining ma'lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya shifoxonalari va Ispaniyaning Telefonica kompaniyasiga uyushtirilgan kiberhujumda xakerlar AQSh maxsus xizmatlari tomonidan yaratilgan Eternal Blue – zararli WannaCry dasturi bilan birlashtirilgan dasturni qo‘llashgan. Taxmin qilinishicha, kompyuterlar elektron pochta orqali zararlangan. 

Bu xabarga AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden munosabat bildirdi. U o‘zining tvitterdagi sahifasida MXA "ogohlantirishlarga qaramasdan, xavfli dasturlarni yaratganini", endi bu dasturlarning qo‘llanilishi "shifoxonalardagi bemorlarning hayotiga xavf solayotganini" yozdi.  

12 may kuni butun dunyo bo‘ylab kompyuterlar shifrlovchi-virus hujumiga uchradi. Hujum ostida 74 ta davlat, jumladan AQSh, Xitoy, Rossiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Tayvandagi turli tashkilot va kompaniyalar qoldi.  

"Ta'rifga ko‘ra bu oddiy tovlamachi-virus. U kompyuterlarga pochta xizmatlari orqali spam bilan tushadi. Xat ochilganda dastur faollashib, kompyuterning qattiq diskidagi barcha fayllarni shifrlaydi, ishchi stolda esa muayyan hisob raqamiga bitkoinlarda ma'lum summani yuborish taklifi paydo bo‘ladi. Aslo bunday qilish kerak emas. Maksimum 1-2 kun ichida muammoni hal qilishga yordam beradigan yangilanishlar chiqadi. Umuman olganda, bunday holatlarda eng yaxshi himoya disklardagi barcha muhim axborotni rezerv ko‘chirish hisoblanadi", deb aytmoqda "R-Texno" biznes-razvedka agentligi direktori Roman Romachev.

Mavzuga oid