O‘zbekiston | 15:32 / 25.08.2017
13992
3 daqiqa o‘qiladi

Huquqshunos: Rossiyaga hozirda asosan chekka qishloqlardan borishmoqda 

Foto: KUN.UZ

KUN.UZ Moskva shahrida “LeksMobayl” yuridik firmasiga asos solib, mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatib kelayotgan Botirjon Shermatov bilan suhbat uyushtirdi. Muloqot davomida Rossiyaga bormoqchi bo‘lgan kishilarga maslahatlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
 
“Aslida chetga chiqayotgan odam shunga tayyormi, degan savolga javob berish kerak. 17 yoshdagi bolalarni ko‘ramiz. Rus tilini bilmaydi. Birinchi masala - uning mahalliy aholi tilini bilmasligi bilan bog‘liq. Ikkinchisi, kasbi bormi o‘zi bu bolani, degan savol kelib chiqadi. Juda ko‘p borgan bolalar yollanma ishchi bo‘lib ishlaydi, qo‘lida hali hech qanday kasbi yo‘q, buning ustiga tilni bilmaydi. Nima bo‘lmoqda? Ular qandaydir tanishining oldiga boradi, u yerdagi brigadalarning bir rahbari bo‘ladi. Qurilish firmasining rahbari o‘sha odam bilan gaplashadi. Ular bilan gaplashmaydi, chunki tilni bilmaydi. Albatta, u pulni ham o‘sha odamga beradi. Ko‘p muammolar shuning orqasidan kelib chiqadi. Agar ketayotgan migrant tilni bilsa, o‘zining kasbi bo‘lsa, bemalol o‘zi borib, ish topadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzadi. Hozirda bizdan Rossiyaga asosan chekka-chekka qishloqlardan borishmoqda. U odamlarimiz hattoki o‘zimizni shaharlarimizda ham bo‘lmagan. 

Birinchi navbatda, borishdan avval ish topish kerak shu yerdan turib. U yerda hujjat tayyorlashga ham bir oyga yaqin vaqt ketadi. Bu jarayonda qayerga, kimning oldiga va nima sababdan kelganini bilmagan odamda muammo kelib chiqaveradi. Tilni bilsa – juda yaxshi bo‘ladi. Rus tilini oddiy darajada ham bilsa, kundalik hayotda uchraydigan holatlar bilan bog‘liq muammolar hal bo‘ladi. Bundan tashqari, Rossiya chegarasidan o‘tayotgan paytda migratsiya varaqasi, degan hujjat bor. Uni to‘ldirish lozim. Iloji bo‘lsa, O‘zbekistondan chiqishdan avval pasportlarni notarial tarjima qilib olishsa yaxshi bo‘ladi. Sababi u yerdagi mahalliy aholi uchun bizning ism-shariflar sal murakkabroq. Chegarachilar migratsiya varaqasini to‘ldirish chog‘ida shu tufayli ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishadi. Vaholanki, bir harfda ham xato bo‘lsa, ertaga shu narsa hujjatlarni rasmiylashtirishda muammoga olib keladi. Ular to‘ldirib, “imzo qo‘ying” deb sizning oldingizga qo‘yadi, biznikilar esa xatolarini tekshirmasdan ham imzo qo‘yib qo‘yadi. Shuningdek, ishlamoqchi bo‘lgan odam migratsiya varaqasida "kelish maqsadi" degan joyga “rabota” deb yozishi kerak”, - deydi Shermatov.

Mavzuga oid