O‘zbekiston | 20:10 / 20.12.2017
55428
4 daqiqa o‘qiladi

Botirjon Parpiyev: «Hokimliklar imkoniyatdan unumli foydalansin»

Foto: KUN.UZ

2018 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i - shu mulkning bozor bahosiga yaqin bo‘lgan kadastr qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunday holatda, soliq solish balansining o‘sishi, ya'ni uy-joy kadastr narxini belgilash hisobiga, soliq to‘lovi ortib ketishi mumkin. Shu tufayli, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Senat yalpi majlisida soliq to‘lash stavkasini amaldagi 1,7 foizdan 0,2 foizga kamaytirishni taklif qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Bundan tashqari, hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Misol uchun, Xorazm viloyatida joylashgan uy uchun olinadigan mol-mulk solig‘i Toshkent shahrida joylashgan xuddi shunday uyga solinadigan shu turdagi soliqdan o‘rtacha ikki marta kam bo‘ladi.

«Masalan, Toshkent shahri Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida joylashgan, 1989 yilda qurilgan 9 qavatli, betondan qurilgan ko‘p qavatli uyda 3 xonali xonadonning bugungi kundagi inventar qiymati 11,1 million so‘mni tashkil etadi. Shu qiymatning 1,7 foizida soliq undiriladi, ammo Toshkent shahrining Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida shunday uyni bu narxga hech kim sotmasligini bir joyga qo‘ying, hattoki tumanlarda ham mulk narxi bunday emasligini bilamiz. Kadastr qiymati esa 113,7 million so‘mni tashkil etadi. 2017 yilda mazkur xonadonning mol-mulk solig‘i 189,9 ming so‘mni tashkil qilgan. Taklif etilayotgan tartib bo‘yicha ushbu xonadonning 2018 yilga hisoblanadigan mol-mulk solig‘i summasi 227,3 ming so‘mni tashkil etib, 2017 yildagiga nisbatan 20 foizga o‘sishi kutilmoqda», deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Shu bilan birga mahalliy hokimiyat rahbarlariga shunday huquq berilyaptiki, mana shu soliq stavkasini alohida shaxslar uchun 30 foizgacha kamaytirish yo ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Ya'ni tuman hokimligining o‘zi alohida bir fuqaro uchun mazkur soliq stavkasini 30 foizgacha kamaytirib berishi mumkin. Kadastr qiymatiga qaraganda uyning asl bahosi qimmat bo‘lgan xonadon egalariga nisbatan soliq stavkasi 30 foizgacha oshirilishi mumkin.

Tabiiy savol paydo bo‘ladi: mol-mulk solig‘idagi o‘zgarish aholi turmush darajasida qanday aks etadi? Bu yangilik davlat byudjyetiga qancha qo‘shimcha mablag‘ni olib keladi? Kun.uz muxbiri ana shu savolga javob qidirdi.

Davlat Soliq qo‘mitasi raisi Botirjon Parpiyevning ta'kidlashicha, o‘zgarish ortidan 239 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ to‘planadi va davlat byudjyetiga kelib tushadi. Ammo mahalliy hokimlik vakillari o‘zlariga berilgan imkoniyatdan samarasiz foydalansa, soliqdan katta qarzdorlikni paydo bo‘lishiga sababchi bo‘ladi.

«Shuning uchun, hokimliklardan imkoniyatdan unumli foydalanishini so‘rab qolaman», deydi u.