Jahon | 10:38 / 26.01.2018
19483
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda o‘zbekistonliklar ushlandi, ular Ozarboyjon fuqarosini urib o‘ldirgani aytilmoqda

Foto: Pixabay

Peterburgda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari O‘zbekistonning uch fuqarosini qo‘lga olishdi, ular odam o‘g‘irlashda gumonlanmoqda. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Peterburg bo‘yicha tergov boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tergov versiyasiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi Ozarboyjonning 27 yoshli fuqarosiga nisbatan shaxsiy adovatda bo‘lib, uni o‘g‘irlash va og‘ir tan jarohatlari yetkazishni rejalashtirgan, buning uchun qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik yana ikki shaxsni jalb qilgan.

Jinoyatchilar 4 yanvar kuni Planernaya ko‘chasidagi 59-uy yonida jabrlanuvchiga hujum qilib, uni do‘pposlashgan, so‘ng avtomobil yukxonasiga joylashtirishgan hamda Leningrad oblastining Vsevolojsk tumani hududiga olib chiqib ketishgan. Keyinchalik ushbu shaxslar ozarboyjonlikni qattiq kaltaklab, yo‘l chetida tashlab ketishgan. Jabrlanuvchi 5 yanvar kuni kechqurun yo‘ldan o‘tib ketayotgan fuqaro tomonidan topilgan va shifoxonaga olib borilgan. Biroq, u qisqa vaqtdan so‘ng vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha “odam o‘g‘irlash” moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilar ushlangan. Ularni hibsga olish va ayblov qo‘yish bo‘yicha masala ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid