20:37 / 29.01.2018
11107

O‘zbekistonlik ayollarning ijtimoiy kayfiyati o‘rganildi

O‘zbekistonning davlat xizmatchisidan to uy bekasigacha bo‘lgan ayollarning ijtimoiy kayfiyati o‘rganildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayollarning aksariyati o‘zini baxtli ayol deb his qiladi. «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ma'lumotlari shundan dalolat bermoqda. 

Markaz 2004 yildan beri yurtimiz xotin-qizlari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazib kelmoqda. “O‘zbekiston xotin-qizlari — 2017: ijtimoiy mavqe va kayfiyat” mavzuidagi mazkur tadqiqotda ayollarning jamiyat hamda oiladagi roli, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi, huquqiy himoyasi va orzu-maqsadlari, mavjud muammolar borasida o‘z yondashuv hamda qarashlari, mulohazalari bildirilgan. 

Unda respublikamizning turli hududlarida yashovchi 18 va undan katta yoshdagi 1100 nafar xotin-qiz qatnashgan. So‘ralganlar orasida davlat muassasalari, nodavlat tashkilotlari, xorijiy firmalarda ishlayotganlar ham, tadbirkor hamda fermerlar ham, pensioner, uy bekalari va talabalar ham bor.

So‘rov natijalari davlatimiz tomonidan ayollarning huquq hamda manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan siyosatning samaradorligini yana bir karra isbotladi. Jumladan, 88,4 foiz respondentning ko‘rsatishicha, O‘zbekiston xotin-qizlari hozirgi paytda davlat va jamiyat qurilishida faol ishtirok etmoqda, o‘z navbatida, ularning ijtimoiy hayotimizda roli o‘sib bormoqda. Bunday o‘sish sur'ati, ayniqsa, so‘nggi o‘n yilda sezilarli darajada jadallashdi, deydi respondentlar. Qatnashchilarning 60 foizidan ortig‘i kelgusida davlat hamda jamiyat qurilishida xotin-qizlarning nufuzi yanada ortishiga ishonch bildirdi.

Oila va oilaviy munosabatlar xalqimizning azaliy qadriyatlarida alohida o‘rin tutadi, sog‘lom jamiyat hamda kuchli davlat negizi sanaladi. Oilaning mustahkamligida, barkamol farzandlarni tarbiyalashda ayolning roli g‘oyat bebaho. Bu — mutlaq ko‘pchilik respondentning fikridir.

Ayollarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi masalasida esa birinchi galda bola parvarishi bois ta'tilda bo‘lgan onalarga, ishsiz, nogironligi bor xotin-qizlarga ko‘maklashish ayni zarurat ekanligi aytib o‘tildi. Ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand ayollarning ko‘pchiligi bunday ko‘makni pul nafaqasi ko‘rinishida olishni istaydi. Har o‘ninchi respondent uy-joy sotib olishda yordam so‘raydi.

Hududlar kesimida tahlil qilganda, Jizzax viloyatida tadbirkorlik sohasida band bo‘lgan xotin-qizlarning 40 foizi imtiyozli kredit olishda, Toshkent shahri va Surxondaryo viloyatidagi ayollar ko‘proq uy-joy sharoitlarini yaxshilash yoki muqim boshpana xarid qilishda muammolarga duch kelayotgani ma'lum bo‘ldi. Ishtirokchilar orasidagi 60 hamda undan katta yoshli har uchinchi, shuningdek, asosan, Buxoro viloyatidagi ayollar o‘zlariga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga muhtojligini bayon etishdi.

Ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlarning 83,9 foizi mahalla fuqarolar yig‘iniga, 14,5 foizi esa turli darajadagi hokimliklarga murojaat qilgan. Ammo murojaati to‘la qanoatlantirilganini aytgan respondentlar, bor-yo‘g‘i, 23,1 foizni tashkil etdi. So‘rovning har beshinchi qatnashchisi murojaatiga tegishli idoradan hech qanday javob ololmagan, har o‘ninchi respondentga esa yordam ko‘rsatish rad qilingan.

Shu bilan bir qatorda, ayollarimizda huquqiy himoyalanganiga ishonch hissi ham ortib bormoqda. Buni respondentlarning 81,1 foizi tasdiqladi. Agar qonuniy huquqlari buzilgudek bo‘lsa, ular davlat, jamoatchilik va fuqarolik institutlari yordamiga tayanishgan. Qolaversa, Prezidentning Xalq qabulxonalari aholi, xususan, ko‘plab ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy huquqlarini tiklashga xizmat qilmoqda.

Tadqiqot natijalari xotin-qizlarning munosib hamda zamonaviy ta'lim olishga barqaror ijobiy munosabatini ko‘rsatdi. 74,3 foiz respondentning fikricha, bugungi kun ayoli uchun oliy ma'lumot juda muhim.

Ish bilan bandlik, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishga intilayotgan ayollarimiz sonida ham o‘sish tendensiyasi kuzatilayapti. Ko‘pchilik (79 foiz) xotin-qizlar o‘z salohiyatiga va layoqatiga mos mehnat faoliyati bilan band bo‘lishni afzal biladi. Tahlillardan ayon bo‘lishicha, ayollarning bandlik ko‘rsatkichi ma'lumot darajasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Xususan, so‘ralgan oliy ma'lumotli xotin-qizlarning 68,7 foizi, o‘rta hamda o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lganlarning 30 foizdan kam qismi haq to‘lanadigan ish joyiga ega.

Avvalgi yillarda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga taqqoslaganda, vaqtincha ishlamayotgan va ish izlayotgan ayollar soni ko‘paygani diqqatni tortadi. Bu safar 18-19 yoshdagi har uchinchi respondent, 20 — 29 yoshdagilarning 27,7 foizi ishsiz ekanini aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, ayollarimizda xususiy biznesga qiziqish oshib bormoqda. So‘ralganlarning 20,2 foizi tadbirkor sifatida faoliyat yuritadi, 24,2 foiz xotin-qiz o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni astoydil xohlaydi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarga oid davlat siyosatida ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish dolzarb yo‘nalishlardan sanaladi. Qizig‘i, ko‘proq 30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ijtimoiy tuzilma va siyosiy tashkilotlar ishida ishtirok etish istagi yuqori ekani aniqlandi. Keksa yoshdagi ayollar esa bu yo‘nalishga u qadar xayrixohlik bildirmadi. O‘z navbatida, respondentlarning 70,2 foizi yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish uchun shart-sharoitlar yetarli, degan xulosani berishgan. Tadqiqotda qatnashganlarning har ikkinchisi ayollarning hozirgi ijtimoiy-siyosiy faolligini o‘rtacha, deb baholadi.

Yana bir ahamiyatli jihati, davlat hamda jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirishga qaratilgan strategiya opa-singillarimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mahalliy hokimiyat organlarida, shuningdek, vakillik va ijroiya hokimiyati bo‘g‘inlarida ishlayotgan ayollarning sonini ko‘paytirish chora-tadbirlari ular nazdida ayni muddao bo‘lmoqda.

Ijtimoiy so‘rov xotin-qizlarni tashvishga solayotgan muammolarga ular nuqtai nazarini o‘rganish imkonini ham berdi. Oiladagi zo‘ravonlik, bu — hamma davlatda, har qanday jamiyatda ayol duch kelishi mumkin bo‘lgan noxush holat. Shu mavzuda so‘z borganda, ko‘pchilik so‘rov ishtirokchilari oiladagi zo‘ravonlikka ma'naviy-axloqiy muhitni og‘irlashtiruvchi jiddiy omil sifatida qarashini bildirdi. Qariyb har ikkinchi respondent er yoki uning qarindoshlari tomonidan ayolga qilinadigan tazyiqlarga hamon ichki oilaviy muammo sifatida yondashilayotganiga e'tirozini yashirmadi. Xotin-qizlarga qarshi zo‘ravonliklarning har qanday shakliga nisbatan jamiyatda murosasiz munosabatni shakllantirish choralari nafaqat huquqni muhofaza etish organlarining, balki butun jamiyatning vazifasiga aylanishi kerak, degan fikr ilgari surildi.

Tadqiqot jarayonida “Siz hozirgi paytda o‘z hayotingizdan qay darajada qoniqasiz?” degan savolga javoban 88,1 foiz ayol turmushidan mamnunligini aytdi. So‘ralgan har ikki ayolning birida ijtimoiy ko‘tarinkilik yuqori darajada ekani yaqqol ko‘rindi.

Umuman, tahlillar shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston ayollari davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda, ularning oiladagi mavqei mustahkamlanayapti. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosat opa-singillarimizga chinakam baxtli yashashi uchun, ularning huquq hamda erkinliklarini ta'minlash, intellektual va ma'naviy yuksalishi, kasbiy hamda oilaviy majburiyatlarni hamohang tarzda bajarishi uchun zarur imkoniyatlar yaratmoqda.

Top