19:30 / 26.02.2018
15961

Sanjar Tursunov o‘zidan ancha baland Savonga qarshi qanday jang qilmoqchi ekanini aytdi

Foto: O‘zbekiston Boks Federatsiyasi

WSB yo‘nalishida musobaqalarda ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» jamoasi a'zosi Sanjar Tursunov Kubaning «Cuba Domadores» jamoasi vakili Erislandi Savonga qarshi bo‘lib o‘tadigan boks jangi oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Musobaqada ikkinchi marta ringga ko‘tarilaman. Bungacha ham aynan ertangi raqibim Erislandi Savonga qarshi jang qilgandim. Samarqandda bo‘lgan bu jangda imkoniyatni boy berib qo‘yganman. Shundan so‘ng o‘tgan vaqt mobaynida o‘z ustimda ishladim. Savonga qarshi jang videolarini tomosha qildim. Uning boshqa janglarini kuzatib, kamchiliklarini topishga harakat qildik. Ertaga buni ringda ko‘rsatib muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

— Har bir musobaqada sizga raqib bo‘layotganlar albatta bo‘y jihatdan, tabiiyki qo‘li ham uzun raqiblar bo‘lyapti. Savonga qarshi jangda ham shu tafovut. Boksda bunday holatlarda nisbatan bo‘yi past bokschi uchun qulay taktika qaysi?
— Albatta 91 kg.gacha vazn uchun bo‘yim doim pastlik qilgan. Lekin shunga qaramasdan imkon qadar raqiblarga qarshilik qilishga, ularni mag‘lub etishga harakat qilib kelyapman. Eng qulay taktikaga keladigan bo‘lsak, bu — yaqin masofada ishlash. Raqib sizni masofada ushlab tursa, uzun qo‘li bilan ko‘p ochko ishlab oladi. Bunga yo‘l qo‘ymasdan imkon qadar uning qo‘llari orasiga kirib borib o‘sha yerda to‘xtovsiz bosim uyushtirish kerak deb hisoblayman, deya gapirib o‘tdi Tursunov KUN.UZ nashriga bergan intervyusida.

Mavzuga oid
Top