Sport | 09:35 / 02.03.2018
9812
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol klubi asoschisi jamoasining tarixiy g‘alabasidan xursandchilikda hayotdan ko‘z yumdi

Foto: @FCCOISE

Fransiyaning “Shambli” futbol klubi asoschisi Valter Luzi jamoasining Fransiya kubogi yarimfinaliga chiqqanidan bir necha soat o‘tib hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda klubning Facebook’dagi sahifasida ma'lum qilindi.

28 fevralda Luzi o‘z jamoasining Fransiya kubogi chorakfinalida “Strasbur”ga qarshi uchrashuvini bevosita maydonda kuzatgan. “Shambli” 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z tarixida ilk marta musobaqaning yarimfinaliga yo‘l olgan. “Men aminmanki, u o‘z jamoasi g‘alabasini ko‘rdi va bu uning umridagi oxirgi va eng katta xursandchiligi bo‘ldi”, deb aytgan uchrashuv hakami Nikolas Reynvill.

Luzi jamoasining g‘alabasiga shunchalik xursand bo‘lganki, oxir-oqibat o‘zini yomon his qila boshlagan. Chaqiriq bo‘yicha kelgan shifokorlar hech narsa qila olishmagan va Luzining yurak yetishmovchiligidan vafot etganini qayd qilishgan.

Luzi 77 yoshda bo‘lgan. U klubni o‘g‘illari Flavio va Bruno bilan 1989 yilda tashkil etgan. Klub o‘z ishtiroklarini 5-hududiy diviziondagi havaskorlik musobaqasidan boshlagan. Ayni vaqtda jamoa Fransiyaning kuchliligi bo‘yicha 3-divizionida ishtirok etadi va musobaqa jadvalida oxirgidan bitta oldingi – 16-o‘rinni egallamoqda.

Jamoa rahbariyati Luzining nomi abadiylashtirilishi va jamoaga omad kulib boqishi davom etsa, Fransiya kubogidagi keyingi g‘alabalari unga bag‘ishlanishini aytgan.