O‘zbekiston | 11:59 / 31.03.2018
59801
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda turizm istiqboli: sayyohlik uchun yangi yo‘nalishlar

Tarixiy obidalarga boy yurtimizning sayyohlik biznesi salohiyati juda katta. Ayni paytda turistik agentliklarimiz sobiq ittifoqdan meros bo‘lib qolgan, sayyohlarni guruh tarzida qabul qilish kabi xizmatlarni ko‘rsatishadi.

Biroq dunyoda bir talay yangi va zamonaviy turizm turlari ham paydo bo‘lganki, ularning ayrimlarini O‘zbekistonda tatbiq etish ayni muddao bo‘lar edi. Bu joylarda qo‘shimcha daromad va ish o‘rinlari yaratilishiga olib kelishi shubhasiz.

So‘nggi yillarda jahon bo‘ylab turizmning unutilgan, yangi, innovatsion ko‘rinishlari paydo bo‘lmoqda. Keling, ushbu multimediali maxsus loyihada (Loyihaning Tilda’da yasalgan versiyasiga o‘tish uchun mana bu yerni bosing) ana shunday yangi yo‘nalishlarning o‘zbekona mentalitetimizga mos keladigani hamda yurtimizda rivojlantirsa bo‘ladiganlarini ajratib olib, o‘rganib chiqamiz.

Loyiha avvalida O‘zbekistonda turizm uchun mas'ul bo‘lgan bosh amaldorning bu sohada ayni paytdagi ahvol qanaqa ekanligi borasidagi so‘zlariga e'tibor qaratamiz.

«O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi turizm sohasi ulushi bor-yo‘g‘i 2,3 foiz. Xorijiy davlatlarda ushbu ko‘rsatkich 10 foizgacha yetadi.

Albatta, bizning salohiyatimiz yuqori. Biz turizmning ahamiyati va rolini oshirishimiz kerak. Bugungi kunda qilinayotgan barcha sa'y-harakatlar yaqin yillarda bu raqamni 5 foizgacha ko‘tarish imkoniyatimiz borligini asoslaydi.

O‘zbekistonda turizm o‘sishining asosiy manbalari haqida gapirsam, biz nafaqat xorijdan turistlarni jalb etishga yondashmoqdamiz, shuningdek, kuchli taraqqiyot omili bo‘lgan ichki turizmni ham rivojlantirish payidan bo‘lmoqdamiz. Bu sohaga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar turistik sohaga yo‘naltirilgan aktivlar o‘rtacha 4-5 oyda ish berishi bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lishmoqda. Binobarin, ichki turizmni rivojlantirish dasturini faol amalga oshirish turizmni yil bo‘yi qilish, tadbirkorlarga esa yil bo‘yi daromad olish imkonini yaratadi»

Aziz Abduhakimov

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi

1. Qishloq turizmi

Bunday turizm shaharlarda yashovchi o‘zbekistonliklar uchun ham, xorijlik sayyohlar uchun ham birdek qiziq — qishloqning toza havosi, xo‘roz qichqirig‘i bilan uyg‘onish, yangi uzilgan sarxil meva-sabzavotlar, sut mahsulotlarini tatib ko‘rish. Eshak, ot, tuya kabi uy hayvonlarini minib ko‘rish...

Keyingi paytlarda jahonda paydo bo‘lgan agroturizmni ham mana shu turistik yo‘nalishga qo‘shsa bo‘ladi. Hosilni yig‘ib olish davrida ishtirok etish ham sarguzashttalablar uchun qiziqarli. O‘zingiz bir tasavvur qilib ko‘ring: pishib yetilgan paxta dalalarida turistlar paxta terib yurishsa. Fermerlarimiz mana shundan ham qo‘shimcha daromad qilishlari mumkin.

Bu turizm yo‘nalishi haqida hikoya qiluvchi ayrim saytlar, jumladan, agriturismo.net otda sayr qilishni yoqtiradiganlar uchun Toskanadagi barcha fermer xo‘jaliklari haqida ma'lumot bor, Amerikaning Agrotours saytida esa hamma narsa bor: «Meni bu yerdan osmono‘par binolar va mashinalar yo‘q go‘shalarga olib keting»dan tortib, «Avstraliyaning go‘sht tayyorlovchi fermalari qanday tuzilgan»gacha. Hindistonning Agri Tourism shiori esa quyidagicha: «O‘zgarish uchun ibtidoga qaytish kerak».

Hindiston bugungi kunda qadimiy asoslarga qaytish uchun eng zo‘r mamlakatlardan biri hisoblanadi. Isroilda qishloq xo‘jaligi turizmi bilan qishloq xo‘jaligi vazirligi shug‘ullanar ekan.

Isroilda esa sayohatning 16ta g‘oyasi taklif etiladi — baliq tutishdan boshlab asalarichilikkacha.

2. Jayloo turizm

Biz turizm sohasida «olma pish — og‘zimga tush», deya qayerdandir najot kutib o‘tirganimizda tarixiy obidalari bilan maqtana olmaydigan qirg‘izlar turizmning ushbu turini rivojlantirib, butun jahonda qirg‘izcha nom bilan ommalashishiga erishib ham bo‘lishdi.

Jayloo qirg‘izchadan tarjima qilinganida yaylov degan ma'noni beradi — qardosh xalq. Jayloo-turistlar sayyoramizning inson qadami yetmagan go‘shalari — Osiyoning tog‘lari va dashtlari, Sibir va Shimoliy Amerika o‘rmonlariga, Afrika qo‘riqxonalariga sayohat qilishadi — asosiy sabab: sivilizatsiya shart-sharoitlaridan biroz chekinish.

O‘zbekistonda ham yaylovlar, qo‘riqxonalar juda mo‘l. Faqat tog‘ga chiqishda tajribangiz bo‘lmasa, ekstremal yo‘nalishlarni tanlamagan ma'qul.

Yaylov turizmini etnik turizm bilan omixta qilish mumkin — yaylovlarda yashayotgan cho‘ponlarning mehmoni bo‘lish, ular bilan birga hayot kechirib ko‘rish, tuya, ot, chorva va qo‘y-qo‘zilarni boqish mumkin.

«Sayohat nima bo‘lishidan qat'iy nazar, har qanday jihatdan ko‘proq narsa o‘rgatadi. Ba'zida boshqa joyda o‘tkazilgan bir kun, uyda o‘tkazilgan o‘n yildan ko‘proq narsa beradi».

Anatol Frans

Frantsuz yozuvchisi va adabiy tanqidchisi

3. Gastronomik turizm

Taom pishirish kurslari va milliy taomlar restorani hamma yerda bor, lekin milliy taomlar tayyorlanishi jarayoni bilan o‘sha taomlarning vatanida tanishish doimo turistlar uchun qiziqarli bo‘lib kelgan.

O‘zbekiston oshxonasi bu borada maqtansa arzigulik natijalarga ega. To‘y oshini Toshkentda, no‘xatsho‘rakni Samarqandda, tandir go‘shtni vohada tatib ko‘rishga nima yetsin?

Aynan turistlarga ma'lum bir milliy taomimizning tayyorlanish jarayonini namoyish etib, master-klass o‘tkaziladigan, bir yo‘la ularning qorni to‘yg‘aziladigan kichik oshxonalar ochishga allaqachon fursat yetgan.

Bahorda qulupnay sayli, kuz faslida qovun sayli kabi sayllarimiz bilan ham turistlarni jalb etish mumkin.

4. Festival turizmi

Samarqandda har ikki yilda bir marta tashkillashtiriladigan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalidan nega turistlar oqimini oshirish uchun foydalanmasligimizni hanuzgacha tushuna olmayman.

Butun jahonda musiqa va san'at ixlosmandlari festival bo‘ladigan shaharlarga yo‘l olishadi. «Sharq taronalari», «Boysun bahori» kabi festivallarining targ‘iboti va reklamasini kuchaytirish, uni yuqori saviyada tashkil etish vaqti yetmadimkan?

Yevropada, masalan, bunday festivallar ketma-ket tarzda o‘tkaziladi. Festivallar kamida uch kun o‘tkaziladi, u o‘tadigan shahar yaqinida kempinglar, avtotreylerlar uchun turargohlar barpo etiladi. Ayniqsa, ko‘plab insonlar talpinadigan musiqiy voqealar ichida Ispaniyadagi Primavera (may oxiri — iyun boshi), Britaniyadagi Glastonbyori (iyun oxiri) va vengrlarning avgustda o‘tadigan Sziget festivali juda mashhur. Bizdagi festivallar ham xorijiy sayyohlar sarguzasht axtarib ko‘p kiradigan Festicket internet sayti ro‘yxatlaridan o‘rin olishi kerak.

5. Ziyoratchilik turizmi

O‘zbekistonda shiddat bilan taraqqiy toptirish mumkin bo‘lgan, buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lgan turizm yo‘nalishlaridan biri.

Yurtimizda Islom olamining buyuk muhaddisi Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy ziyoratgohi bor. Ushbu maskanga jamiki musulmon davlatlardan ziyoratchilarni qabul qilish mumkin. Motrudiy ziyoratgohini turklar qadrlashadi. Naqshbandiy, Najmiddin Kubro kabi mutafakkirlarning ziyorati tufayli ichki turizmni rivojlantirish mumkin.

Ayni paytda Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Axsikent yodgorligida katta rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu maskanda ham qadimda Islom olamida dovruq taratgan olimlar yetishib chiqqan.

6. Tibbiyot turizmi

Isroilda saraton kasalligini davolovchi eng yaxshi mutaxassislar to‘planishgan. Tailanddagi vrachlar bemorning tanasida zarur a'zoni o‘stirish bo‘yicha yangi texnologiyani ixtiro qilishgan (asosan kichikroq a'zolar — burun, quloq, qovoqlar o‘stirilmoqda). Germaniyada esa qorin bo‘shlig‘idagi operatsiyalari bilan mashhur, Litvadagi plastik operatsiyalar hamyonbop.

Ayni paytda tibbiyot turizmi ham ham qabul qiluvchi mamlakat uchun, ham davolanishga kelayotgan bemorlar uchun iqtisodiy jihatdan manzur. Gap shundaki, bemorlarga arzon bahoga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati beriladi.

O‘zbekiston ham bu borada o‘zini namoyon etishi uchun imkoniyat bor. Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Ergash ota» xususiy tibbiy markazi badandagi turli dog‘larni, shuningdek ortiqcha vazndan xalos bo‘lishda ochlik bilan davolash usuli bilan MDH davlatlarida ancha dovruq taratgan.

Bizda shuningdek juda arzon va sifatli qilib tishlarni davolash, tish protezlari qo‘yish mumkin ekan.

7. Shopping turizm

Shop-turlar mamlakatimizda 2000-yillarning boshida boshlangan. Ko‘pchilik Turkiya va Xitoyga, shuningdek Birlashgan Arab Amirliklariga borib, mahsulot keltirib o‘zimizda pullashgan. Hanuzgacha chegaradosh hududlarda qo‘shni davlatlar bilan ana shunday oldi-sotdi davom etmoqda.

Ayni paytda ko‘pchilik o‘ziga to‘q oilalar narxlarga chegirma e'lon qilinadigan mavsumlarda Yevropa va BAAga xarid uchun yo‘l olishmoqda.

Bizda ham shopping turizmni rivojlantirish uchun salohiyat bor. Lekin buning uchun avvalo yengil sanoatmiz va aytaylik, zargarlik sanoatimiz ravnaq topishi, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak. O‘zbekiston tabiiy mahsulotlardan to‘qib tayyorlangan arzon va sifatli gazlamalar, kiyim-kechaklar, sharqona noziklik bilan yasalgan zargarlik buyumlari vatani bo‘lmog‘i kerak.

8. Ekoturizm

Turizmning mazkur turi ixlosmandlari tabiat bilan yakka-yolg‘iz qolib ruhiy quvvat oladi. Ekologik turistlar uchun mehmonxona sifatida qo‘riqxonadagi kapa, u yerda qo‘shni sifatida yovvoyi hayvonlar xizmat qiladi. Maqsad — xavfsiz masofadan turib kuzatish va ozor yetkazmaslik. Hattoki ekologik turistlarning xalqaro hamjamiyati ham tuzilgan bo‘lib, dam olish asnosida atrof-muhitga foyda keltirishni istashadi.

O‘zbekistonda ushbu turizm turini rivojlantirish, sayyohlarga ekologiya bilan yuzma-yuz bo‘lishga sharoit yaratish imkoniyatlari bisyor. Orol bo‘yi mintaqasi, Qizilqum cho‘llari, Aydarko‘l, tog‘ tizmalari... Bu maskalarning har biri puxta o‘rganishga, kuzatilishga arziydi.

Albatta, ush bu turizm yo‘nalishlarining har biriga batafsil to‘xtalish mumkin. Modomiki, yurtimizda turizmning iqtisodiyotimizning tayanch sohalaridan biriga aylantirish vazifasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ekan, ushbu yuzakiroq loyihamda bu sohaning yangi, bizda yetarli imkoniyat va sharoitlar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarini belgilab, birma-bir sharhlashni asosiy maqsad deb bildim.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid