Jahon | 18:51 / 14.05.2018
7641
5 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta optimizm bilan qarayman" -  Rusatom Overseas prezidenti

"Rosatom" O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta optimizm bilan qaraydi. Rusatom Overseas prezidenti Yevgeniy Pakermanov Sochida bo‘lib o‘tayotgan X "ATOMEKSPO" xalqaro forumi doirasida KUN.UZ muxbirining savoliga shu mazmunda javob berdi.

"O‘zbekistonda atom energetikasi nima ekanini yaxshi bilishadi. Albatta, har bir mamlakatda o‘ziga xoslik bo‘ladi. Umuman olganda, integratsiyalashgan takliflar faqat sohaga yangi kirib kelgan mamlakatlar uchun deya olmayman, bu xizmatlar menyusidan har bir mamlakat o‘ziga keraklisini tanlab oladi. Mahalliy sanoat, mahalliy ilm-fan, mahalliy kadrlar - barchasi yadroviy infratuzilmaning rivojlanish darajasiga, ya'ni muayyan mamlakatning loyihalarni amalga oshirishga tayyorgarlik darajasiga bog‘liq.

Shunday mamlakatlar borki, u yerlarga borib, yadroviy texnologiyalar haqida bazaviy ma'lumotlar beramiz. Biroq O‘zbekistonda bunga hojat yo‘q, xuddi shunday Qozog‘istonda ham, chunki u yerda professionallar ishlaydi. Shuning uchun men bu ikki mamlakat bilan hamkorlik qilishga katta optimizm bilan qarayman, zero biz bir maktab ko‘rganmiz, bir ildizga egamiz, odamlarimiz bir tilda gaplashishadi, bu esa loyihalarni amalga oshirish uchun juda yaxshi baza bo‘la oladi", - deydi Rusatom Overseas prezidenti.

Foto: Rusatom Overseas

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Rosatom" atom texnologiyalarini taklif qiluvchi dunyodagi yagona vender emas, boshqa mamlakatlarda ham atom texnologiyalariga doir xizmatlar taqdim etiladi.

"Biroq "Rosatom" shunisi bilan o‘ziga xoski, u dunyodagi yagona to‘liq vertikal integratsiyalashgan kompaniya hisoblanadi, uning tarkibida atom stansiyasi faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotlar mavjud. Atom stansiyasining hayotiy davomiyligi esa - yuz yildan ortiq, ya'ni biz uran qazib chiqaramiz, uni qayta ishlaymiz, yonilg‘i ishlab chiqaramiz, loyihalashtirish ishlarini amalga oshiramiz va atom stansiyalar quramiz; servislar, ekspluatatsiya, modernizatsiya bilan ta'minlaymiz. Biz hamkorlarimiz va  mijozlarimizga majmuaviy xizmatlar spektrini taklif qilishga tayyormiz. Bu juda muhim, chunki loyihalar uzoq istiqbolli bo‘lib, katta sarmoyaviy resursni talab qiladi. Ertangi kunga ishonch bo‘lishi uchun bo‘lg‘usi modelni to‘g‘ri hisob-kitob qilish zarur. Shu bois mijozlar va hamkorlarimiz atom elektr stansiyasi qurilishiga doir qaror qabul qilayotganlarida ekspluatatsiya sharoitlari shaffof bo‘lishi, asosiy xarajatlar bo‘lishi, yoqilg‘i yetkazib berish kafolatlanishi va texnik qarorlar to‘g‘ri, tushunarli va xavfsiz bo‘lishi muhim", - deydi Ye.Pakermanov.

U bunga yaqqol misol sifatida o‘tgan yili ikki mamlakat prezidentlari ishtirokida imzolangan Misr loyihasini keltiradi.

"U yerda biz biryo‘la katta shartnomalar paketini imzoladik - bu ham AES qurilishi, ham 60 yilga yonilg‘i yetkazib berish. Bu o‘nlab yillarga servis bilan ta'minlash va bekend sohasidagi qarorlar hamdir.

Shuningdek yana bir muhim jihat - moliyaviy qarorlar, ya'ni ular turlicha bo‘lishi mumkin, zero bizda turli mamlakatlarda turli modellar bor - bu ham davlatlararo kreditlar, ham BOO - build-own-operate (qur-egalik qil-boshqar) modeliga oid loyihalar bo‘lib, biz AESlarni ko‘pincha shu mamlakatlar hukumatlari bilan birga quramiz, birga egalik qilamiz, birga ekspluatatsiya qilamiz, birga elektr energiyasini ishlab chiqaramiz va tabiiyki, ular bilan birga tavakkal qilamiz, ya'ni biz loyihaning barcha qiyinchiliklarini hamkorlarimiz bilan birga baham ko‘ramiz.

Shunday ekan, bu shunchaki yana bir marta shartnoma imzolash va pulni qo‘lga kiritish emas, balki aynan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish istagi ekaniga  barcha ishonch hosil qilishi mumkin", - deya ta'kidlaydi mutaxassis.

Rusatom Overseas - "Rosatom" davlat korporatsiyasining chet el bozorlaridagi Atom elektr stansiyasi hamda Yadroviy ilm-fan va texnologiyalar markazi qurilishi bilan bog‘liq integratsiyaviy takliflar targ‘iboti uchun mas'ul kompaniyasi.

Lola Raxmanbayeva