O‘zbekiston | 15:55 / 05.06.2018
22323
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: O‘zbekistonda yerlarning 80 foizi eroziyaga moyil

Foto: KUN.UZ

So‘nggi 50 yil ichida Markaziy Osiyo aholisi uch barobarga oshdi. Murakkab iqlim sharoitlarida suv resurslarining qisqarishi fonida mintaqa mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligi sohasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning matbuot xabarnomasida aytiladi.
 
Yaqinda start olgan FAO va Global ekologik jamg‘armaning (GEF) mintaqaviy loyihasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Qozog‘istonda bu muammolarni hal etishga qaratilgan. Loyihaning umumiy maqsadi Markaziy Osiyo davlatlari va Turkiya hududida tabiiy resurslarni boshqarishning integratsiyalangan amaliyotini keng tarqatishdan iborat. Loyiha qishloq joylarda yashovchilarning qurg‘oqchilik va sho‘rlanish bilan kurashishi salohiyatini oshirishga qaratilgan. 
 
Mintaqadagi barcha qishloq xo‘jalik maydonlarining 77%dan 95%gacha bo‘lgan hududini egallovchi yaylovlar to‘g‘ri boshqarilmayapti. Qirg‘izistonda ekin maydonlarining 88 foizi va Tojikistonda qishloq xo‘jaligi yerlarining 97 foizi eroziyaga moyil. Qozog‘istonda tuproqning 66 foizi zarar ko‘rgan bo‘lsa, Turkmaniston va O‘zbekistonda bu raqam 80 foizga yetadi. Bundan tashqari, mintaqadagi sug‘oriladigan yerlarning 40%dan 80%gachasi sho‘rlanish èki botqoqqa moyil. Turkmaniston (68%), O‘zbekiston (51%), Turkiya (30%) va Qozog‘iston (20%) eng ko‘p jabr ko‘rganlardandir.
 
Tuproqning degradatsiyasi va qurg‘oqchiliklar qo‘shma harakatlar talab qiladigan transchegaraviy tahdidlar bo‘lgani tufayli, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston 2003 yilda ularni hal qilish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi. Davlatlar cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi va 2006-2010 yillarda amalga oshirilgan 10 yillik yer boshqaruv dasturini ishlab chiqdi. 

Mavzuga oid