Sport | 18:00 / 12.06.2018
18024
13 daqiqa o‘qiladi

Krasnitskiy vafotiga 30 yil. U qanday futbolchi edi?

Foto: Sport Ekspress

O‘zbek futboli afsonalaridan biri Gennadiy Krasnitskiy vafot etganiga bugun o‘ttiz yil to‘ldi.

Dunyoning Pelesi, Argentinaning Maradonasi, fransuzlarning Platinisi bor. Frants Bakkenbauyer o‘zining «Kayzer» laqabiga ega bo‘lishida ham asosiy rolni maydondagi ajoyib o‘yini sabab bo‘lgan. Aks holda qanchadan qancha murabbiylarni ko‘rmadi nemis futboli.

Bizning Krasnitskiymiz bor. Biz uni O‘zbekistonning 20-asrdagi eng yaxshi futbolchisi deb e'lon qildik. Uni eslab turamiz.

Gennadiy Krasnitskiyning bolaligi Toshkentdagi «Pishevik» stadionida o‘tgandi. Yoshligidan birga katta bo‘lgan maktabdoshi va qo‘shnisi, kelajakdagi jamoadoshi Vitaliy Suyunov uni stadionga yetaklab kelgandi. O‘shandayoq o‘zida bombardirlik qobiliyatini namoyon etib turgan Gennadiyning «Pishevik» jamoasi murabbiyi Yermakov nazariga tushishi qiyin bo‘lmadi.

«Gena o‘shanda o‘n uch yoshda edi. Uning gol urish mahorati meni va boshqalarni hayratga soldi. Aynan uning harakatlari tufayli jamoamiz 1954 yildagi barcha musobaqalarda g‘olib chiqqandi va deyarli barcha gollarni Gena urgandi», -deb xotirlaydi G.Yermakov.

1956 yilda «Paxtakor» safida ilk uchrashuvini o‘tkazgan qahramonimiz jamoaning yetakchisiga aylandi va 1960 yilda sobiq Ittifoq oliy ligasiga olib chiqdi.

O‘sha mavsum Krasnitskiyga ataldi. O‘sha mavsumda «Paxtakor»ning dastlabki o‘nta golini faqat Krasnitskiy urgandi va butun mavsumda 19 to‘p kiritib, oliy liga bombardirlari orasida ikkinchi bo‘ldi. Keyingi mavsumda ham u 20ta gol urdi. U haqida murabbiy Keller shunday degandi: «U futbolda hamma narsani bilardi va qila olardi. Uning mahorati shu darajada ediki, menimcha, biz uning bor salohiyatining uchdan birini ham ko‘rmaganmiz».

U mamlakatning turli terma jamoalarida o‘ynadi. Ayniqsa, uning mamlakat terma jamoasidagi ikkinchi goli aql bovar qilmas voqealardan biri sifatida tarixga kirdi.

«Uchrashuvning 82-daqiqasi edi, darvozadan chamasi yigirma metrlar masofada Lobanovskiyni chalib yiqitishdi. U mening oldimga keldi va «Gena, sen tep» dedi», deya eslaydi Krasnitskiy.

Ertasi kuni mahalliy «Korreo» gazetasida qo‘yidagi so‘zlar bosilib chiqdi: «Agar to‘p darvozabonga tekkanida, «Kristal» jamoasi boshqa darvozabon izlashiga to‘g‘ri kelardi».

Zarba shunchalik kuchli ediki, darvoza to‘rini teshib o‘tib ketgandi. «Kristall» murabbiyi Didi gol bo‘lmaganini aytganda hakam ikkilanib qoladi. Darvoza to‘ridagi to‘p hajmidagi teshik barchasiga oydinlik kiritadi.

1966 yilda, Moskvaning «Spartak» darvozasiga ham u ajoyib gol kiritgandi. Maydon markazida mehmonlar darvozasi tomon jarima to‘pi belgilanadi. Gennadiy to‘pni tepishga hozirlanadi va uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘radi. Uning kuchli zarbasidan xabardor bo‘lgan raqib o‘yinchilaridan biri jonli devor o‘rnatishga harakat qiladi. Ammo, darvozabon Vladimir Maslachenko jonli devor shart emasligini aytadi. Krasnitskiy uzoqdan yugurib keladi va uning kuchli zarbasini Maslachenkoning jon-jahdi bilan tashlanishi ham qaytara olmaydi.

«Spartak»ning o‘sha paytlardagi sardori Gennadiy Logofet xotirlaydi: «Uning darvozamizga maydon markazidan to‘p kiritganini yaxshi eslayman. O‘shanda hech kim Maslachenkoni ayblay olmagandi. Chunki, bunday zarbalar qaytarib bo‘lmas toifaga kirardi».

E'tibor bering, maydon markazidan tepilgan zarba haqida gap bormoqda!.

Uning jarima to‘plari haqida taniqli jurnalist Lev Filatov hikoya qiladi: «To‘pni uzoq vaqt joyiga o‘rnatardi, ancha uzoqqa tislanardi. Zarba berish uchun yugurishni boshlaganda, go‘yoki yer qimirlagandek bo‘lardi, tomoshabinlar jim qolishardi. Darvozabon asabiylashishdan o‘zini to‘xtata olmas, jonli devor esa «sochilib» ketishga tayyor turardi va ko‘pincha shunday bo‘lardi - futbolchilar har tarafga tarqab ketishardi. To‘pning uchishi deyarli ko‘rinmasdi va agar, to‘g‘ri borsa, aniq gol bo‘lardi».

1997 yilda Moskvada chiqarilgan futbol ensiklopediyasida u haqida quyidagilar yozilgan: «60-yillardagi «Paxtakor»ning yetakchi hujumchisi. O‘z davrining eng serqirra futbolchilaridan biri. Jismonan baquvvat bu futbolchi o‘zining qat'iyati va to‘p uchun kurashuvchanligi bilan ajralib turgan. Faoliyatining dastlabki yillarida o‘zining tezligi, kuchli zarbasi va taranlik xususiyatlari bilan muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, keyinchalik, taktik tomondan ham salohiyatini namoyish eta oldi. Jarima zarbalari ustasi».

Haqiqatan ham u faoliyatining dastlabki qismida taran futbolchi sifatida e'tibor qozondi va yigirma sakkiz yoshida futbolni tark etdi. Chunki, uning tezligi va kuchi biroz yo‘qolgan va gol urishi qiyinlashib qolgandi. O‘sha paytlarda yuzdan ortiq to‘p kiritgan futbolchilar a'zo bo‘ladigan Fedotov klubiga krish uchun atigi yettita gol qolgan bo‘lsa-da, u o‘ynashni xohlamadi. 1968 yilgi mavsumni «Paxtakor» Gennadiysiz boshlashga majbur bo‘ldi.

O‘sha paytlarda «Dinamo» (Minsk) Mustigin degan hujumchi o‘zini ko‘rsata boshladi. Birinchi davrada eng ko‘p to‘p kiritgan 31 yoshli futbolchi qo‘yidagi ma'noda intervyu beradi: «Hujumchi nafaqat yuqori tezlik va zarbaga, balki texnikaga ham e'tibor qaratishi lozim. Masalan, Toshkentda Krasnitskiy degan futbolchi bor edi. Asosan o‘zining jismoniy tayyorgarligi va zarbasi tufayli yaxshi o‘ynab yurgandi. Yoshi o‘tib, unda kuchli zarba va tezlik pasaygach, hech narsa qila olmadi va uni hozir futbolimizda ko‘rmayapmiz. Men esa texnik jihatdan kuchli bo‘lganim uchun o‘ttiz bir yoshda bo‘lsam ham gol urishda davom etyapman va albatta Fedotov klubiga a'zo bo‘laman».

Gena bu so‘zlarni eshitganmi yoki yo‘qmi, bilmadim, ammo o‘sha mavsumning ikkinchi davrasi oldidan u yana mashg‘ulotlarga kirishdi. Endi u boshqacha edi. U ko‘proq pleymeykerlik xususiyatlarini namoyish eta boshladi va yaxshigina texnika sohibi ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. «Paxtakor»ning o‘yini Abduraimovga qaratila boshlagandi va Gennadiy bu sxemada ham yo‘qolib qolmadi. Jarima zarbalari esa hamon o‘sha-o‘sha edi. Shu taxlit u yana uch yil o‘ynadi, kiritgan gollari sonini yuztadan oshirib o‘sha klubga ham a'zo bo‘ldi, Mustigin esa maydonda va tarixda yo‘qolib ketdi.

Keling, zamondoshlarining u haqidagi fikrlari bilan tanishaylik:

Vladimir Pereturin: «U shunday futbolchi ediki, muxlislar uni tomosha qilgani borishardi. Uning zarbalari haqida afsonalar, latifalar to‘qilardi, futbolda «Krasnitskiy muammosi» degan masala dolzarb bo‘lib, har qanday raqibni tahlikaga solardi. U futbolda eng yorqin izlarni qoldirdi»

Anatoliy Bishovets: «Toshkentliklar bilan o‘yin oldidan, barcha trenerlar Krasnitskiy to‘p suradigan jamoaga qarshi bir daqiqa bo‘lsa ham bo‘shashmasligim lozimligini uqdirishardi. U bir o‘zi uchrashuv taqdirini hal qila olardi va barchasini kutilmaganda qilardi - fint, pas va asosiysi zarbani».

Konstantin Beskov: «Menga bu yigit yoqardi. U faqat bombardir emas, taktik jihatdan ham kuchli edi. Menimcha, u Yevropaning har qanday kuchli klubida o‘ynab keta olardi.

Vyacheslav Koltsov: «U o‘zining yirik gavdasi va qo‘pol nutqi bilan ham nozik qalb egasi edi. Uni xafa qilish juda oson edi»

Ha, azizlar, biz uni xafa qilgandik. U futboldan keyin ayanchli va achinarli hayot kechirdi va ichkilik orqasidan vafot etdi. Aviahalokatga uchragan paxtakorchilar haqida ko‘p yozamiz, xotirlaymiz. Kamida yilda bir marotaba. Aybdorlarni izlaymiz. O‘zimizni jabrlanuvchidek tutamiz, o‘shalar o‘lmaganda futbolimiz yanada rivojlanardi, chempion bo‘lardik, deymiz hammaga. Nega bilasizmi? Chunki, ular o‘ynab turgan paytlarida vafot etishgan. Ya'ni ular bizga maydonda kerak edi. Ular biz uchun futbolchi edilar, shu xolos. Inson sifatida hech kim.

Rad etmang. Nohaq bo‘lsam, nega Gennadiyni asray olmadik. Uni faqat maydonda olqishladik. Keyinchi? U bir futbolchi edi. Uni dunyo bo‘ylab ko‘z-ko‘z qilishni bilardik, ammo, maydon tashqarisida u bizga kerak emasdi. U avvalambor inson edi, yoshligini, bolaligini yetimlikda, kambag‘allikda o‘tkazgandi. Uning bir tepib, darvoza to‘rini teshganini hamma gapirardi-yu, jahon urushida otasidan ayrilganini, onasi yolg‘iz o‘g‘ilni boqaman deb ne kuylarga tushganini ko‘pchilik bilmasdi. Uni xotini tashlab ketgandi. U ayta olmasdiki, «hurmatli rahbarlar, murabbiylar, futbolni tark etsam nima bo‘ladi, oilamni qanday boqaman?», deb.

U futbolni sevardi. «Paxtakor»ni sevardi. Toshkentni sevardi. Ammo, buning uchun hech narsa talab qilmasdi. U bor kuchini o‘zi tug‘ilib o‘sgan vatanining ravnaqi yo‘lida sarfladi va muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi. Faoliyatidagi barcha gollarini u faqat «Paxtakor» tarkibida kiritdi. Aynan shuning uchun ham, Sobiq Ittifoqda unga biroz panjara ortidan qarashardi. Aybi nima edi? U ko‘pgina, hatto, o‘zidan anchagina iste'dodsizroq bo‘lgan futbolchilar yo‘lini tutmadi. Uni qo‘lga kiritish uchun Kiyevning ham, Moskvaning ham «Dinamo»lari, TsSKA jamoalari qanchalik harakat qilganliklarini tasavvur qilishimiz mushkul.

Ammo, Gena faqat bitta bayroqni, bitta klubni tan olardi. Uning darajasiga chiqib, bunday yo‘l tutganlarni butun futbol tarixini titkilab ham topa olmaysiz. U barcha rekordlarini «Paxtakor» daftariga yozib qo‘ydi. Uning uchun futbol kasb emasdi, futbol bu minglab muxlislar quvonchi edi va bu quvonchning bir bo‘lagi uning yelkasida ekanligini bilardi.

Men yuqorida bejiz Pele-yu Platinilarni eslamadim. Ularni qanchalik qadrlashyapti ko‘ring. Chunki ular talab qilishni biladilar. Inson qiziq, futbolchi maydonda qiynalsa, sabab axtaramiz, talab qilamiz, maslahat beramiz. Uni yiqitgan himoyachini so‘kamiz, hakamni ayblaymiz, zaxirada qoldirgan murabbiydan alamimizni olamiz. Ammo, hayotda qoqilsachi? Uni turg‘azib qo‘ymaymiz. Aybdorni qidirmaymiz, maslahat ham bermaymiz, achinib qo‘yamiz xolos. Chunki, biz uning anor siqqandek barcha suvini siqib sharbatini olib bo‘lganmiz, endi u keraksiz buyumga aylangan bo‘ladi. Achinib qo‘yamiz.

U futboldan ketdi. Poytaxt ko‘chalarida bemaqsad kezdi. Uni muxlislar tanib qolishar va oldiga yugurib kelishardi. Nima uchun? Yulduzning «tirigi»ni ko‘rish uchun, u bilan bir stakan aroq ichib, maqtanib yurish uchun. Bechora Gena esa, tekin aroq topilganidan xursand bo‘lardi. Uning taqdiri futbolga beg‘ubor muhabbat qo‘ygan Garrinchaning fojiasi kabi intiho topdi. Roppa rosa 30 yil avval, u oramizdan ketdi – yuqori qavatdagi mehmonxona xonasidan o‘zini tashlab yubordi...

Qahramon Aslanov